Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi 5-noyabr kuni sinov rejimida o‘tkazilgan tuman va viloyat ahamiyatiga ega shaharlar hokimlari saylovi natijalarini e’lon qildi.

MSKning ma’lum qilishicha, ovoz berish 42 tuman va uchta viloyat ahamiyatiga ega shaharda bo‘lib o‘tgan. Ularda saylovchilarning 62,79 foizi ishtirok etgan.

Saylovlar muqobillik asosida o‘tkazildi, dedi MSK. Saylov byulletenlariga 125 nafar nomzod kiritildi.

“Saylovoldi tashviqoti respublika saylov qonunchiligi talablari asosida o‘tkazildi. Ovoz berish kuni Qozog‘iston Respublikasining 8500 ga yaqin ishonchli vakili, kuzatuvchi va OAV vakillari tomonidan kuzatuvlar olib borildi”, — deyiladi xabarda.

Aksariyat tumanlarda amaldagi hokimlar va ularning o‘rinbosarlari g‘alaba qozondi, deb yozmoqda Vlast.kz. Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, 45 nafar g‘olibning 29 nafari hokim, 12 nafari hokim o‘rinbosari lavozimida ishlagan. Ikkita tumanda tadbirkorlar, yana ikkitasida esa tumanlar maslihatlarining amaldagi raislari hokim bo‘ldi.

BES.media aniqlik kiritishicha, g‘oliblarning aksariyati (37 nafar) hukmron “Amanat” partiyasi a’zolaridir.

Tuman va viloyat ahamiyatiga ega shaharlar hokimlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovini o‘tkazish tashabbusi avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tomonidan ilgari surilgan edi. “Mahalliy ijro hokimiyati darajasida qarorlar qabul qilishda fuqarolarning bevosita ishtirokini izchil kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Ikki yildan oshdiki, fuqarolarning o‘zlari qishloq, shaharcha va qishloq okruglari hokimlarini saylamoqda… Endi tuman va viloyat ahamiyatidagi shaharlar hokimlari saylovini sinovdan o‘tkazishimiz kerak”, — degan edi u joriy yilning sentabr oyida xalqqa qilgan murojaatida.