Toshkent Botanika bog‘i qanday bo‘lgani, qanday ekani va qanday bo‘lishi kerakligi haqida ko‘p va xo‘b gapirildi (va hali yana gapiriladi va gapirilishi kerak). Boshqa davlatlardagi botanika bog‘lari-chi, ularning qanday o‘ziga xos tomonlari, qoidalari bor? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida “Gazeta.uz” jurnalisti Gulira’no Musayeva xorijdagi o‘zbekistonliklar bilan suhbatlashdi.

Gyottingen botanika bog‘i (Germaniya)

Nargiza Shamsiyeva 5 yildan beri Germaniyada yashaydi, hozirda sun’iy intellekt yordamida malaka oshirish kurslarini topib beruvchi portal loyihasi ustida ishlamoqda. Germaniyada 90 ga yaqin botanika bog‘lari bor. U qaysi shaharga bormasin, o‘sha yerdagi botanika bog‘iga oilaviy borishga harakat qiladi, shaharlarning “yashil o‘pkalari”da sayr qilishni yaxshi ko‘radi.

Nargiza Shamsiyeva.Nargiza Shamsiyeva.

Germaniyada botanika bog‘lari davlatniki, shahar ma’muriyatiniki, universitetlarniki yoki xususiy bo‘lishi mumkin. Ularda odatda noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan ekzotik o‘simliklar parvarishlanadi. Bundan tashqari, botanika bog‘lari qushlar, mayda sutemizuvchilar, ayrim hollarda hatto noyob hasharotlar uchun makon vazifasini ham bajaradi.

“Shu vaqtgacha Germaniya va Yevropaning boshqa mamlakatlaridagi sakkizta botanika bog‘ida bo‘lganman. Hammasi bir-biridan chiroyli va qiziqarli. Ular orasida eng yoqqani esa Gyottingen shahridagi botanika bog‘idir”, — deydi Nargiza.

Gyottingen botanika bog‘i manzaralari. Foto: Nargiza Shamsiyevaning shaxsiy arxividanGyottingen botanika bog‘i manzaralari. Foto: Nargiza Shamsiyevaning shaxsiy arxividan

Salkam 300 yillik tarixga ega mazkur klassik botanika bog‘ining maydoni nisbatan kichik — atigi 4,5 gektar bo‘lishiga qaramay, unda ayni vaqtda 17 ming xil o‘simlik turi parvarishlanadi (masalan, yozda borsangiz, 100 yoshlik Braziliya gigant rovochi (Gunnera manicata)ning bahaybat barglarini tomosha qilasiz) — ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha u Berlin-Dalem botanika bog‘idan keyin 2-o‘rinda turadi. Hozir ushbu bog‘ Gyottingen durdonasi deya ta’riflanishi bejiz emas.

Nargizaning aytishicha, yo‘qolib ketish xavfi ostidagi noyob o‘simliklarning barqaror o‘sishi uchun sharoit yaratish juda muhim, shu bilan birga — mushkul ish. Shu sababli ular issiqxonalarda, kerakli haroratda saqlanadi. Qizig‘i, bog‘da hozir ishlab turgan issiqxonalarning aksariyati XIX asrga tegishli. Ulardagi har bir o‘simlik, har bir daraxt raqamlanadi va ma’lumotlari jamlab, qayta ishlab boriladi.

Gyottingen botanika bog‘i manzaralari. Foto: Nargiza Shamsiyevaning shaxsiy arxividanGyottingen botanika bog‘i manzaralari. Foto: Nargiza Shamsiyevaning shaxsiy arxividan

Gyottingen botanika bog‘ida aytarli olamshumul taqiq yo‘q: o‘simliklarni yulish, chiqindi tashlash va bog‘da it bilan sayr qilish mumkin emas; o‘simlik va hasharotlarning alohida turlarga teginish mumkin emas.

Nargiza botanika bog‘larini oddiy parklar, istirohat bog‘laridan farqlash zarur, deb hisoblaydi. Istirohat bog‘lari — bu sayr qilish, ko‘ngil yozish, o‘yin-kulgi uchun mo‘ljallangan (xohla velosiped va samokat uch, xohla biror jamoaviy o‘yin o‘yna), tabiiy yoki ekilgan o‘simliklar, suv havzalarini o‘z ichiga olgan bir maydon. Botanika bog‘laridan farqli ravishda, istirohat bog‘larida tadqiqotlar o‘tkazilmaydi, unda yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan yoki Qizil kitobga kiritilgan o‘simliklar bo‘lmaydi.

Gyottingen botanika bog‘i manzaralari. Foto: Nargiza Shamsiyevaning shaxsiy arxividanGyottingen botanika bog‘i manzaralari. Foto: Nargiza Shamsiyevaning shaxsiy arxividan

“Asosiy vazifasi mahalliy va chet el o‘simliklarini, ekotizimlarni tartiblashtirish, to‘g‘ri sharoitda saqlash, ularni aholiga tanishtirishdan iborat bo‘lgan bunday yashil maskanlar ko‘ngilochar parkka aylanib ketishining oldi olinishi kerak”, — deydi Nargiza Shamsiyeva.

Uning fikricha, botanika bog‘lari ilmiy tadqiqot va jamiyat o‘rtasidagi ko‘prik, o‘simliklar esa aloqa vositasidir. Botanika bog‘ining biologik merosni asrash va uni odamlarga o‘rgatishdagi roli ayniqsa beqiyos — ularni bolalarga tabiatni tanishtiruvchi yashil maktab desa ham bo‘ladi.

“Men uchun botanika bog‘i tabiat bizga in’om etgan xilma-xil o‘simliku hasharotlardan zavqlanish, hordiq chiqarish imkonini beradigan sokin joydir. Aholining biologiyaga qiziqishini oshirish uchun bog‘da turli seminar yoki ekskursiyalar tashkil qilinishi esa meni doim xursand qiladi”, — deydi u.

Katta shaharlarda yashillik yetishmaydigan bir vaqtda aynan botanika bog‘lari tabiat bilan hamohang vaqt o‘tkazish, hordiq chiqarish imkoniyatini beradi. Botanika bog‘larini saqlash, ko‘paytirish uchun nima qilish kerak, degan savolga esa Nargiza: “Avvalo ularning ilmiy hamda tabiatni asrashda ahamiyatini anglash lozim”, deydi.

Buning uchun ta’lim muassasalari, tadqiqot markazlari, ommaviy tashkilotlar, hokimiyat va aholi bir-biri bilan hamkorlik qilishi zarur. “Qolaversa, botanika bog‘larini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun hukumatdan tashqari, homiylar, fondlar ham jalb qilinishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi Nargiza Shamsiyeva.

Singapur Botanika bog‘i

Singapurning quruqlikdagi maydoni taxminan Bekobod tumaninikidek, ammo aholi soni Jizzax, Navoiy, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarining jami aholisidan ham ko‘proq. Har qarich yer, o‘rni kelsa, millionlab dollarga baholanadigan shunday sharoitda Singapur Toshkentdagidan ham kattaroq botanika bog‘i tashkil etib qo‘ygani kishini hayratga soladi. Ammo buning izohi ham oddiy bo‘lishi mumkin — hamma narsa ham pul bilan o‘lchanavermaydi.

botanika bog‘i, istirohat bog‘lari, тошкент botanika bog‘i, xorijdagi фuқаролар

“Aholi zichligi bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinda ekani sabab (har kilometr kvadratga 7800 kishi) Singapurda yerdan o‘ta unumli foydalaniladi. Ayni damda, ko‘kalamzorlashtirishga ham e’tibor katta — Singapurning 56 foizi yashillik bilan qoplangan. O‘simligu daraxtlarning bari davlat muhofazasi va parvarishida, har birining o‘z ID-raqami bor. Tabiatga yetkazilgan zarar ayovsiz jazolanadi”, — deydi salkam 15 yildan beri Singapurda yashaydigan, Toyota Motors Asia Pacific savdo bo‘limida ishlovchi Jasurbek Tursunov.

Singapur botanika bog‘i manzaralari. Foto: Jasurbek Tursunovning shaxsiy arxividanSingapur botanika bog‘i manzaralari. Foto: Jasurbek Tursunovning shaxsiy arxividan

Singapur Botanika bog‘iga yil davomida ikki-uch marta borib turishi, so‘nggi bor u yerda 2023-yil may oyida oilasi bilan birga aylanganini aytgan o‘zbekistonlik vatandosh Singapurda daraxtzor parklar ko‘pligi, tabiat bilan birga bo‘lish uchun aynan Botanikaga borish shart emasligini ta’kidlaydi. “Shundoq ko‘chaga chiqsangiz ham bog‘ ichida yurgandek bo‘lasiz”, — deydi u. Jasurbek Tursunov Botanika bog‘iga farzandlari bilan piknik qilish, ularga tabiatni qanday asrash kerakligini ko‘rsatish, bog‘dagi jonzotlarni tomosha qilish va shunchaki sayr qilish uchun borishini ta’kidlaydi.

Singapur botanika bog‘i manzaralari. Foto: Jasurbek Tursunovning shaxsiy arxividanSingapur botanika bog‘i manzaralari. Foto: Jasurbek Tursunovning shaxsiy arxividan

1859-yilda tashkil topgan Singapur botanika bog‘i maydoni dastlab 32 gektar bo‘lgan, hozir esa bog‘ 82 gektarni egallaydi. Singapur Botanika bog‘i YUNESKO tomonidan ro‘yxatga olingan dunyodagi uchinchi va Osiyodagi birinchi botanika bog‘i hisoblanadi. Bog‘ning o‘zi yana bir necha, xilma-xil bog‘larga bo‘lingan bo‘lib, ular orasida Milliy orxideyalar bog‘i, bolalar uchun mo‘ljallangan alohida bog‘, Botanika bog‘i tarixi muzeyi, ko‘llar (ulardan biri musiqiy tadbirlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, Simfonik ko‘l deb ham ataladi) va boshqalar bor. Hozir bog‘da nabotot olamining 10 mingdan ortiq turi mavjud.

Singapur Botanika bog‘ining eng mashhur tashrif qog‘ozlaridan biri hisoblangan Orxideyalar bog‘ida 6 mingdan ortiq orxideyani tomosha qilish mumkin. Ular orasida mashhur shaxslar, xususan, davlat arboblari sharafiga maxsus yetishtirilgan va nomlangan orxideyalar ham bor. Jasurbek Tursunov bog‘dagi orxideyalar orasida O‘zbekiston prezidentlari Islom Karimov va Shavkat Mirziyoyev sharafiga nomlangan gullarni ham ko‘rib xursand bo‘lganini yashirmaydi.

Singapur Botanika bog‘idagi Islom Karimov va Shavkat Mirziyoyev orxideyalari. Foto: Jasurbek Tursunov shaxsiy arxividanSingapur Botanika bog‘idagi Islom Karimov va Shavkat Mirziyoyev orxideyalari. Foto: Jasurbek Tursunov shaxsiy arxividan

“Singapurliklar Botanika bog‘ini sevadi. Har borganimda bog‘da turistlardan ko‘ra mahalliy aholi ko‘pligiga guvoh bo‘laman. U yerda oila a’zolari, do‘stlari bilan yoki yolg‘iz o‘zi shunchaki sayr qilib yurgan singapurliklarni ko‘p duch kelasiz. Bog‘ga yuqori martabali davlat arboblariyu yulduzlarni ham mehmonga olib kelib turishadi, lekin ularning kelib-ketishi birovga noqulaylik keltirmaydi. Ko‘pincha bunday katta mehmonlarning kelib-ketganini bilmay ham qolasiz”, — deya bog‘dagi muhitni tasvirlaydi Jasurbek Tursunov.

Singapur botanika bog‘i manzaralari. Foto: Jasurbek Tursunovning shaxsiy arxividanSingapur botanika bog‘i manzaralari. Foto: Jasurbek Tursunovning shaxsiy arxividan

Xohlaymizmi-yo‘qmi, tashrif buyuruvchilar soni juda katta bo‘lgach (Singapur Botanika bog‘iga yiliga 4,5 mln kishi keladi), ularning barini kuzatib, nazorat qilib bo‘lmaydi, kimdir chiqindi tashlashi, o‘simliklarga zarar yetkazishi mumkin. Singapur Botanika bog‘ida bunday hollar qat’iy jazolanadi. Masalan, birgina bargni qasddan uzish jarimasi 3500 AQSh dollarigacha yetishi mumkin. Bog‘da olov yoqish, tamaki chekish, yovvoyi hayvonlarni ovqatlantirish, velosiped va boshqa transport vositalaridan foydalanish, chiqindi tashlash kabi qoidabuzarliklar uchun ham katta jarimalar belgilangan.

Seul Botanika bog‘i (Janubiy Koreya)

O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Janubiy Koreyadagi vakili, ikki yildan beri Seulda yashab kelayotgan Yelena Chuyanovaning ta’kidlashicha, shaharda bog‘lar shu qadar ko‘pki, hali ularning yarmini ham ko‘rishga ulgurgani yo‘q. Seulda nafaqat quyuq daraxtzor parklar va xiyobonlar ko‘p, balki har bir mahallaning ham o‘z bog‘chalari bor.

Yelena ChuyanovaYelena Chuyanova

“Masalan, ikki oylik farzandim bilan har kuni uyimiz oldidagi parkda sayr qilamiz. Koreya xalqi uchun daraxtlar, yashillik juda muhim. Urushlar tugagach, koreyslar o‘zi moddiy qiyinchiliklar ichida bo‘lishiga qaramay, tog‘larga chiqib, yoppasiga minglab daraxtlar ekani bu millat tabiatni, daraxtlarni qanchalik qadrlashiga zo‘r bir misol bo‘lsa kerak”, — qayd etadi Yelena.

“Ko‘chalardagi daraxtlarning parvarish qilinishini ko‘rib, ba’zida do‘stlarim bilan: „O‘zbekistonda xasta odam ham bunchalik parvarish qilinmasa kerak“, deb hazillashamiz. Masalan, har bir daraxtga vaqti-vaqti bilan osma ko‘rinishida vitamin beriladi”, — deydi u. Yelenaning so‘zlariga ko‘ra, koreyslar “daraxtlarning ham qalbi bo‘ladi” deb hisoblaydi, shu bois qishda “qalbi” sovqotmasligi uchun daraxtlarni mato bilan o‘rab qo‘yish an’anasi bor.

Foto: botanicpark.seoul.go.krFoto: botanicpark.seoul.go.kr

2007-yili Seulning Kanso (Gangseo) ku (tumani)da faoliyati hukumat tomonidan moliyalashtiriladigan botanika bog‘i ochilgan. U ochiq (hali yosh va uncha quyuq bo‘lmagan) o‘rmon, ko‘l bog‘i, botqoq bog‘i va tematik bog‘ kabi qismlarga bo‘lingan, hududida madaniyat markazi va kutubxona ham bor. Bog‘dagi yuqoridan qaraganda ochilgan gulni eslatuvchi ulkan issiqxonada tropik va O‘rtayer dengizi iqlimiga xos o‘simliklar saqlanadi. U 12 ta mintaqaviy qismga ajratilgan bo‘lib, ular orasida O‘zbekistonga bag‘ishlangan burchak ham bor.

Foto: botanicpark.seoul.go.krFoto: botanicpark.seoul.go.kr

Ushbu botanika bog‘ida turli ta’lim dasturlari ham amalga oshiriladi. Umuman, bog‘ga kirishi bilan kishi undagi ilmiy muhitni his qiladi. Bog‘da tadqiqotchi olimlar yo‘qolib borayotgan o‘simliklarni saqlab qolish, yangi turlarni ko‘paytirish ustida ishlaydi. Hozir bu yerda 4600 dan ziyod o‘simlik turi parvarish qilinmoqda, bog‘ ma’muriyati esa turlar sonini 8 mingtagacha ko‘paytirish niyatida.

Foto: botanicpark.seoul.go.krFoto: botanicpark.seoul.go.kr

Seul Botanika bog‘i bolalar uchun vaqtni mazmunli o‘tkazish bo‘yicha alohida dasturlar taklif qiladi. Aksariyati bepul bo‘lgan bu kabi dasturlarda bolalar dam olish kunlari ota-onalari bilan birgalikda ko‘chat o‘tqazish, o‘simliklarni parvarish qilish kabi ko‘nikmalarni o‘zlashtiradi. “Bunday mashg‘ulotlar bolalarning nafaqat bog‘ va daraxtzorlarga, umuman butun ekologiyaga bo‘lgan munosabatiga ta’sir qiladi”, — deydi Yelena.

“Janubiy Koreyaning maydoni O‘zbekistonnikidan kichik, aholisi esa biznikidan ko‘proq. Shunga qaramay, u yerda aholiga turar joy qurish maqsadida bog‘ va parklar yo‘q qilib tashlanmaydi”, — deya ta’kidlaydi Yelena.

Foto: botanicpark.seoul.go.krFoto: botanicpark.seoul.go.kr

Uning qo‘shimcha qilishicha, “botanika bog‘lari har qadamida yashillik ufurib turadigan, ilmiy izlanishlar qilinadigan, shahar markazida yovvoyi tabiatni o‘rganish imkoniyatini beradigan joy bo‘lishi, ilmiy maskan bo‘lgani uchun ham tijoratga yo‘naltirilmasligi kerak”.