3-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyevning “Futbol-ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi [PQ-355-sonli] qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tizimida quyidagilar tashkil etiladi:

  • Milliy futbol markazi;
  • Futbol bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi negizida Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi;
  • Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazi.

Shuningdek, Futbol bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash markazi Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi etib, Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi Respublika futbol akademiyasi etib qayta nomlanadi.

2025-yil 1-yanvardan hududiy futbol akademiyalari, maktablari va boshqa davlat futbol-ta’lim muassasalari trenerlarining Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazidan majburiy ravishda tegishli litsenziyalarni olgandan so‘ng faoliyat ko‘rsatish amaliyoti joriy qilinadi.

2024-yil sentabrda O‘zbekistonda futzal bo‘yicha Jahon chempionati o‘tkazilishi munosabati bilan hududlarda futzal jamoalari tashkil etiladi, shu jumladan, professional futbol klublari huzuridagi futzal bo‘yicha asosiy, yoshlar va ayollar jamoalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

2024-yil 1-yanvardan professional futboldagi faoliyatini yakunlagan futbolchi va mutaxassislarga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining ijobiy xulosasi asosida ularning xususiy sektorda amalga oshiradigan futbolni rivojlantirish loyihalari uchun milliy valyutada 1,5 milliard so‘mgacha 5 yildan kam bo‘lmagan muddatga imtiyozli kredit ajratiladi.

Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazida “futbol treneri”, “futbol hakami”, “futbol tahlilchisi”, “futbol seleksioneri” (skaut), “sport psixologi”, “futbol menejeri”, “futbol marketologi” kabi mutaxassisliklarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

2024/2025 o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filialida “sport shifokori”, “sport diyetologi”, “sport farmakologi” bilan birga “sport psixologi” mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

2024-yil 1-martgacha respublikadagi barcha stadion va futbol maydonlarining yagona elektron reyestri ishlab chiqiladi.

2024-yil 1-iyungacha futbol uchrashuvlarini namoyish qilish, futbolni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish maqsadida futbol bo‘yicha maxsus telekanal tashkil qilinadi.