O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida nutq so‘zladi. Uning nutqi davlat rahbari matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Davlat rahbari o‘z nutqini qadimiy turk davlati asoschilaridan biri Bilga Xoqonning quyidagi da’vati bilan boshladi: “Ey turkiy elim, o‘zligingga qayt, o‘zingni angla — yanada yuksalgaysan!”

“Ushbu ibratli so‘zlar bugungi shiddatli zamonda — Turkiy davlatlar tashkiloti o‘z faoliyatini tobora takomillashtirib borayotgan bir davrda albatta chuqur ma’noga ega. Tili, dini va yuraklari bir-biriga chambarchas bog‘langan qardosh xalqlarimiz ovozi endilikda dunyo bo‘ylab yanada baland, yanada kuchliroq yangramoqda”, — dedi O‘zbekiston prezidenti.

Mirziyoyev Qozog‘iston xalqini yaqinda keng nishonlangan mamlakat milliy bayrami — Respublika kuni, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anni va butun turk xalqini Respublika e’lon qilingan kunning 100 yillik tantanalari va Ozarbayjon xalqini mamlakat hududiy yaxlitligi to‘liq tiklangani bilan tabrikladi.

O‘zbekiston rahbarining qayd etishicha, Turkiy davlatlar tashkiloti bugungi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida o‘ziga xos muhim o‘ringa ega bo‘lib bormoqda. 160 million aholini qamrab olgan tashkilot hududi katta iqtisodiy imkoniyatlar makoni hamdir. “Bizning mamlakatimiz Tashkilotning barcha a’zolari bilan strategik sheriklik aloqalari o‘rnatganini katta mamnuniyat bilan aytib o‘tmoqchiman”, — dedi prezident.

Avvalroq xabar qilinganidek, Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Isroil-Falastin mojarosi haqida ham gapirdi. “Biz tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlar va o‘t ochishni to‘xtatishga hamda sulh tuzishga chaqiramiz”, — dedi u. Prezident “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyilini qo‘llash tarafdori ekanini bildirdi.

Shavkat Mirziyev sammitda ko‘p tomonlama va uzoq muddatli aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan quyidagi takliflarni ilgari surdi.

Birinchidan, “Tashkilot doirasida o‘zaro hurmat, ishonch va ochiqlik tamoyillarini mustahkamlash, birgalikda turli to‘siqlarni samarali yengib o‘tish bosh maqsadimiz”, — dedi u.

Shu munosabat prezident Turkiy xalqlar birdamligini, ularning buyuk o‘tmishi va boy madaniyatini, azaliy qadriyatlarini ifoda etadigan “Turkiy dunyo xartiyasi”ni ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi. Ushbu o‘ziga xos ramziy qomusni “sohaning yetuk olimlari va ekspertlar ishtirokida tayyorlash” taklifini berdi.

Ikkinchidan, shu kunlarda Turkiy investitsiya fondi o‘z ishini boshlaydi. “Davlatlarimiz o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish maqsadida keyingi bosqichda Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini ham faollashtirishimiz kerak. Ushbu moliya muassasasini Toshkent shahrida joylashtirishga tayyormiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchinchidan, O‘zbekiston rahbari Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha boshlangan amaliy ishlarni to‘liq ma’qullashini aytdi. “Kelgusida Markaz imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda, birgalikda savdo to‘siqlarini bartaraf etish, eksport-import hajmini ko‘paytirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni keng joriy qilish, elektron savdo platformalarini rivojlantirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz zarur”, — dedi u.

To‘rtinchidan, O‘zbekiston yuk tashuvlariga o‘sib borayotgan talabni qondirish maqsadida O‘rta koridor salohiyatini kengaytirish choralarini qo‘llab-quvvatlaydi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, prezident O‘zbekiston qo‘shimcha ko‘ptarmoqli yo‘nalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga mamlakatlar orqali o‘tadigan koridorlarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirish tarafdori ekanini ma’lum qildi. “Davlatlarimiz Temir yo‘l idoralari kengashini ta’sis etishni va bu tuzilmaning direksiyasini yurtimizda joylashtirishni taklif etamiz”, — dedi prezident.

Beshinchidan, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston ekologiya sohasida keng qamrovli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

“Qadimdan ajdodlarimiz ona tabiat bilan uyg‘un va hamohang bo‘lib yashaganlar. Afsuski, bugungi kunda tabiatga nisbatan iste’molchilik kayfiyati kuchayib bormoqda. Iqlim o‘zgarishlari tufayli yuzaga kelayotgan turli muammolardan butun insoniyat qattiq aziyat chekmoqda. Bunday holat barchamizdan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirishni talab qilmoqda. Vazirlar darajasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan Turkiy ekologiya forumining tuzilishi bu yo‘lda muhim qadam bo‘lishi shubhasiz. Bunday ta’sirchan mexanizm Tashkilotimiz faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan rejalarimizga mosdir”, — dedi davlat rahbari.

Oltinchidan, “Turkiy sivilizatsiyani yuksaltirish g‘oyasi texnologik taraqqiyot va ilg‘or bilimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bilan bevosita bog‘liqdir. Ijodiy fikrlaydigan, iste’dodli va shijoatli yoshlarimiz istiqbolda turkiy dunyoning yangi Renessansini barpo etishiga ishonchim komil. Bu yo‘lda ularga buyuk ajdodlarimiz yaratgan ilmiy kashfiyotlar va ma’naviy meros mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi”, — dedi O‘zbekiston rahbari.

Uning ta’kidlashicha, o‘tgan asrda yashagan jadid bobolarimizning ibratli faoliyati, ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish yuzasidan a’zo mamlakatlarda katta ishlar amalga oshirilmoqda.

turkiy davlatlar tashkiloti, шавкат мирзиёев

“Ana shu ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida joriy yilning dekabr oyida yurtimizda bo‘lib o‘tadigan „Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari“ mavzusidagi xalqaro anjumanda vakillaringizni faol ishtirok etishga taklif etamiz. Shu bilan birga, yangilikka intilib yashaydigan, tashabbuskor o‘g‘il-qizlarni rag‘batlantirish uchun O‘zbekistonda Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazini ochishni maqsadga muvofiq, deb hisoblayman”, — dedi u.

Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti a’zolarini afg‘on xalqiga yordam ko‘rsatishni susaytirmaslikka, u yerdagi ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

“Bizga mintaqaviy sheriklik va barcha qo‘shnilari bilan iqtisodiy hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etadigan, tinch va barqaror Afg‘oniston kerak”, — dedi prezident

“Bugun qabul qilinayotgan muhim hujjatlar va qarorlar, jumladan, sammit deklaratsiyasi hamda Ostona akti mamlakatlarimizning yorqin turkiy kelajak sari navbatdagi dadil qadamlari bo‘lishiga ishonaman. O‘z tarixi davomida ko‘p-ko‘p sinovlarni boshidan kechirgan va ularga birgalikda yechim topgan qardosh xalqlarimiz kelgusida ham buyuk ishlarni amalga oshirishi shubhasiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev nutqi yakunida.