Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi 4 ta arxeologiya yodgorligiga 7 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

Xususan, miloddan avvalgi V-I asrlarga oid “Tallagan tepa” yodgorligining 40 m² qismi kesib olingan. Avtomobil yo‘li o‘tkazilishi oqibatida 888 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

V-VIII asrlarga oid “G‘o‘rintepa” yodgorligining 200 m² qismi buzilib ketgan, uy-joylar qurib yuborilishi oqibatida 4,7 mlrd so‘mlik zarar ko‘rilgan.

I-IV asrlarga oid “Xushvaqtepa” yodgorligining esa 12 m² qismi kesib olingan, hojatxona qurilganligi oqibatida yodgorlik 266 mln so‘mlik zarar ko‘rgan.

V-VII asrlarga oid “Toshtepa” yodgorligining 56 m² tuproqlari kesib olinib, molxona qurilgani oqibatida 1,2 mlrd so‘mlik zarar aniqlangan.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Holatlar yuzasidan tuman hokimligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov harakatlari ketmoqda, deyiladi xabarda.