3-noyabr kuni Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti davlatlar rahbarlari kengashi yig‘ilishi doirasida Shavkat Mirziyoyevga “Turkiy dunyoning oliy ordeni” berildi.
O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmatining qayd etishicha, prezidentga bu orden “turkiy xalqlar oilasining birligini mustahkamlashga, turkiy mamlakatlarning manfaatlari va qarashlarini xalqaro maydonda faol ilgari surishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” topshirildi.
Tashkilot davlatlari rahbarlari nomidan mukofotni Qozog‘iston prezidenti topshirdi.
“Bu mukofotni men birinchi navbatda chinakam birodarlik rishtalari asosida yangidan yuksalayotgan yaqin do‘stligimiz va hamkorligimiz ramzi, deb bilaman”, — dedi Mirziyoyev.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston 2019-yilda TDTga a’zo bo‘lib kirganidan buyon mamlakat tomonidan 50 dan ortiq taklif va tashabbuslar ilgari surilgan. Mamlakatning tashkilotga raisligi davrida 100 dan ziyod turli tadbirlar o‘tkazilgan.
“Barchamizning orzu va maqsadlarimiz, intilish va harakatlarimiz uyg‘un va hamohangdir. Azaldan do‘st va qardosh bo‘lgan turkiy xalqlarimiz bundan keyin ham ahil va hamjihat bo‘lib, yorug‘ kelajakni birgalikda bunyod etadi”, — dedi davlat rahbari.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida Isroil-Falastin mojarosi haqida gapirib, tomonlarni sulh tuzishga chaqirgani haqida yozgandik.