AQSh Savdo vazirligi Rossiya harbiy sanoati bilan aloqador 13 ta kompaniyaga nisbatan eksport cheklovlarini joriy qildi. Ular orasida O‘zbekistondan ham bitta kompaniya bor.

Sanoat va xavfsizlik byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniyalar Rossiya armiyasi uchun uchuvchisiz uchish apparatlarini sotib olish va yaratish kabi “milliy xavfsizlik va AQSh tashqi siyosati manfaatlariga zid” faoliyat bilan shug‘ullangan. Ular eksport nazorati (Entity List)ning maxsus ro‘yxatiga kiritilgan.

Mvizion haqida

Boshqa kompaniyalar qatorida Toshkentdagi Mvizion kompaniyasi ham cheklovlarga duchor bo‘lgan. Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri ma’lumotlariga ko‘ra, u 2022-yil iyun oyida tashkil etilgan bo‘lib, “elektron va telekommunikatsion uskunalar va ularning ehtiyot qismlari ulgurji savdosi” bilan shug‘ullanadi.

1 million so‘m ustav kapitaliga ega kompaniyaning yagona ta’sischisi sifatida Igor Ievlev (Igor Ievlev) ko‘rsatilgan. U, shuningdek, kompaniya rahbari sifatida qayd etilgan.

Telegram`dagi “Pik Skartarisa” kanali surishtiruvlarni e’lon qilib boruvchi Important Stories saytidagi ma’lumotga e’tibor qaratdi. Maqolada Mvizion haqida ham so‘z borgan.

“ID Solutions kompaniyasi Igor Ievlevga tegishli. O‘zining LinkedIn sahifasida Ievlev 20 yil davomida bir nechta muvaffaqiyatli IT loyihalarini yaratgan va ishga tushirganini ta’kidlaydi… Uning O‘zbekiston poytaxti Toshkentdagi Mvizion kompaniyasiga ham aloqasi bor. Bojxona ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, Mvizion Rossiyaning ID Solutions kompaniyasiga urush boshlanganidan keyin 1,8 mln dollar qiymatidagi mahsulotlar, jumladan, Amerikaning Hitech Global va Nvidia kompaniyalari tovarlarini yetkazib bergan. Urushdan oldin ID Solutions va Hitech Global to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdo qilardi. Rossiyaning ID Solutions kompaniyasi va O‘zbekistondagi Mvizion kompaniyasining egasi bir shaxs — Igor Ievlev”, — deyiladi maqolada.

Qaror amalda eksport nazorati ostida bo‘lgan Amerika tovarlari va texnologiyalarini yetkazib berishni taqiqlashni anglatadi. Cheklovlar AQSh texnologiyasidan foydalangan holda boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilgan mahsulotlarga ham ta’sir qiladi.

Aprel oyida AQSh Alisher Usmonovning USM xoldingi va unga aloqador kompaniyalarga qarshi sanksiyalar kiritgandi. Ular orasida “Ohangaronsement”, Ucell ulushiga ega bo‘lgan Digital Invest va O‘zbekistondagi markalash tizimining operatori va boshqalar bor. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari ham sanksiyalar ostida qolgan.

Avvalroq AQSh O‘zbekistonda tug‘ilgan ikki rossiyalik shaxs — milliarder Iskandar Maxmudov va tadbirkor Andrey Xoxlunni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgani haqida yozgandik.