3-noyabr kuni poytaxtda “III Toshkent Aksilkorrupsiya forumi” bo‘lib o‘tdi. U Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi, BMTining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi, BMT Taraqqiyot dasturi, AQShning Davlat departamenti Giyohvand moddalarni nazorat qilish va huquqni muhofaza qilish byurosi, Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Germaniya jamiyati, “Mintaqaviy Muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti hamkorligida tashkil etildi.

Forum doirasida “Gazeta.uz” muxbiri Bahodir Abdullayev Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov bilan suhbatda korrupsiyaviy jinoyatlarning qanchasi aynan OAV ko‘magida aniqlanayotgani haqida so‘radi.

“Agar o‘tgan 3 yil bilan solishtirsak, bugungi kunda korrupsiya yo‘nalishida OAV va ijtimoiy tarmoqlarda chiqayotgan har bir material alohida nazoratga olinib, o‘rganilyapti. Men xursandmanki, mana shu OAV va tarmoqlar orqali korrupsiyaga qarshi kurashish idoralari tomonidan ko‘plab korrupsion jinoyatlar va yangi korrupsion sxemalar fosh etilishiga erishilyapti”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu birinchidan, albatta yangi platformalarning yaratilishi bo‘lsa, ikkinchidan jurnalistlar va jamoatchilik tomonidan korrupsiyaga nisbatan toqatsiz munosabat shakllanganidan dalolat beradi.

“Bugungi kunda jurnalistlar har qanday masalani ochib, chiqara olyapti. Bu bo‘yicha albatta tegishli ishlar amalga oshirilyapti. Agar foizi haqida gapiradigan bo‘lsam, jurnalistlar tomonidan ko‘tarilayotgan masalalar soni kundan-kunga oshmoqda, salmog‘i ham katta. Eng ahamiyatli tomoni jurnalistlar turli surishtiruvlar o‘tkazish orqali korrupsiyaning yangi ko‘rinishlarini ochib berishda bizga yordam beryapti. Biz buni ko‘ryapmiz va ular jinoyat sifatida e’tirof etilyapti”, — dedi Akmal Burxanov.

Antikorrupsiya agentligi rahbari bundan keyin ham jurnalistlar faoliyati qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlab, ular korrupsion holatlarni aniqlashda o‘z hissalarini qo‘shishlariga ishonch bildirdi.