Isroil qo‘shinlari G‘azo shahrini qurshab oldi. Bu haqda Meduza Isroil mudofaa kuchlari matbuot xizmati rahbari Daniel Xagariga tayanib xabar bermoqda.

“Qo‘shinlarimiz HAMAS faoliyati markazi bo‘lgan G‘azo shahrini qurshab olishni yakunladi”, — degan Xagari matbuot anjumanida.

O‘t ochishni to‘xtatish ehtimoli haqidagi savolga Xagari hozirda “bu kun tartibida emas” deya javob qaytargan.

2-noyabr kuni ertalab Isroil mudofaa kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Gerzi Halevi isroillik harbiylar G‘azo shahrini o‘rab olib, quruqlikdagi hujumini kuchaytirgani haqida ma’lum qilgandi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu “jang avj pallasida” ekanini aytgan.

7-oktabr kuni HAMAS guruhi Isroilga hujum qilgandan so‘ng Isroil mudofaa kuchlari G‘azo sektorida janglarni boshlagan. Hujum oqibatida 1400 isroillik halok bo‘ldi va 200 dan ortiq kishi garovga olingan. Bunga javoban G‘azo sektoriga havo hujumlari boshlangan.

Falastin tomoniga ko‘ra, 7-oktabrdan beri G‘azo sektorida to‘qqiz mingdan ortiq odam halok bo‘lgan, ulardan 3,5 ming nafari bolalar. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 1,5 millionga yaqin odam G‘azo sektoridagi uylarini tark etgan.

Avvalroq UNICEF Falastinning G‘azo sektori bolalar uchun qabristonga aylanganini ma’lum qilgandi. “Agarda 72 soat davomida o‘t ochishni to‘xtata olganimizda edi, bu 1000 nafar bolani yana xavfsiz holatga keltirish imkonini berardi”, — degan UNICEF vakili.