O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2024−2026-yillarga mo‘ljallangan budjet xabarida makro-fiskal tavakkalchiliklar tahlili taqdim etdi.

Makroiqtisodiy shoklar asosiy iqtisodiy va budjet parametrlarining prognoz ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, davlat qarzi va budjet taqchilligining prognoz ko‘rsatkichlari oshishiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun Hukumat tomonidan tashqi qarz jalb qilishni ehtiyotkorlik bilan boshqarish, ayniqsa, kapital loyihalar istiqbolligini kuchaytirish zarurligi qayd etilgan.

Shuningdek, budjet jarayoni ishtirokchilari uchun budjet mablag‘larini shakllantirish va sarflashda moliyaviy resurslardagi yo‘qotishlarni (fiskal risklar), davlat korxonalari va davlat-xususiy sherikligi tomonidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni baholashni kuchaytirish lozim.

Tashqi xatarlar

  • Jahon iqtisodiyoti o‘sish sur’atlarining sekinlashishi. Xalqaro valyuta jamg‘armasining 2023-yil oktabr oyidagi hisobotida jahon iqtisodiyoti o‘sishi 2023-yilda 2022-yildagi 3,5 foizdan 3,0 foizga pasaytirilgan.
  • Asosiy savdo hamkor davlatlarda valyuta kursining qadrsizlanishi sababli pul o‘tkazmalarining qisqarishi, eksport tushumi kamayishi, import narxlarining salbiy o‘zgarishi;
  • Xorijiy markaziy banklar foiz stavkalarining oshirilishi natijasida xalqaro moliya bozorlarida O‘zbekiston iqtisodiyotiga investitsiyalar jalb qilinishining qiyinlashishi;
  • Tabiiy ofatlar va ekstremal ob-havo holatlarining oshishi;
  • Geoiqtisodiy qarama-qarshiliklar vujudga kelishi;
  • Ekologik zarar hodisalarining kuzatilishi;
  • Tabiiy resurslar inqirozining oshishi;
  • Jahon bozorlarida qimmatbaho metallar narxidagi o‘zgarishlar beqarorligi holatlari kuzatilishi.

Ichki omillar

  • Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari xarajatlarining yalpi ichki mahsulotga nisbatan keskin o‘sishi, jumladan, budjetga qo‘shimcha doimiy xarajat majburiyatlarining yuklanishi;
  • davlat tomonidan tariflarning arzon narxlarda ushlab turilishi natijasida iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, energetika, gaz sanoati, ko‘mir, kommunal soha, jamoat transporti korxonalarining moliyaviy ahvolining yomonlashuvi ushbu korxonalarni budjet hisobidan qo‘llab-quvvatlanishining oshishi;
  • davlat kafolati ostida jalb qilingan kreditlar hisobiga amalga oshirilgan yirik ishlab chiqarish loyihalarining o‘z muddatida va loyiha quvvatida ishga tushirilmasligi va boshqa omillar oqibatida xorijiy kreditlarning budjet hisobidan qoplab berish xavfining mavjudligi;
  • budjet qonuni bilan yil boshida tasdiqlangan budjet taqchilligi hajmining moliya yili davomida qo‘shimcha xarajatlar kelib chiqishi sababli oshishi;
  • Pensiya jamg‘armasining daromadlari va xarajatlari o‘rtasida nomutanosiblikning oshishi natijasida respublika budjetidan ajratiladigan transfertlarning oshishi va boshqalar.

Davom etayotgan geosiyosiy vaziyatning salbiy ta’sirlari

Global trendlar va tashqi omillar o‘rta muddatli davrda davlat budjetiga ta’sir etishi mumkin. Geosiyosiy ziddiyatlar kuchayayotgani sharoitida tovar bozoridagi narxlar o‘sishi va taqchilligiga olib kelib, buning natijasida mamlakatda inflyatsiya bosimi kuchayishi mumkin.

Global miqyosda oziq-ovqat narxlarining keskin o‘sishi aholining zaif qatlamlariga salbiy ta’sir qilib, ularni oziq-ovqat narxlarining yuqoriligidan himoya qilish zaruriyatini keltirib chiqaradi, bu, o‘z navbatida, budjetning ijtimoiy xarajatlari oshishiga olib keladi.

Bundan tashqari, inflyatsion bosim ostida ish haqi va pensiya to‘lovlarining qo‘shimcha indeksatsiyasi amalga oshirilishi, milliy valyutaning asosiy jahon valyutalariga nisbatan qadrsizlanishi, mehnat migrantlarining ommaviy mamlakatga qaytishi va O‘zbekistonda doimiy daromad manbaiga ega bo‘lolmasligi oqibatida Davlat budjetidan nafaqa oluvchi oilalar sonining ortishi kabi omillarning ta’sirida budjet xarajatlarining oshishi kutiladi.

Xalqaro tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan qarz (kredit) mablag‘lari bo‘yicha foiz stavkasining o‘sishi tashqi qarz mablag‘larini jalb qilish jozibadorligini pasaytiradi.

Ushbu global trend va tashqi omillar natijasida O‘zbekiston Davlat budjeti prognozlarida kuzatilishi mumkin bo‘lgan risklarни quyidagicha tasvirlash mumkin:

  • ish haqi miqdorining qo‘shimcha ravishda 1 foizga oshirilishi yiliga 1,3 trln so‘m atrofida, pensiya miqdorining 1 foizga oshirilishi esa 600 mlrd so‘m miqdorida qo‘shimcha xarajatlar talab etadi;
  • so‘m almashinuv kursining 100 so‘mga qadrsizlanishi yillik Davlat budjeti xarajatlarining 400 mlrd so‘mga oshishiga olib keladi;
  • oltin narxining prognozda ko‘zda tutilgan 1 unsiya uchun 1 800 AQSh dollar narxidan 100 AQSh dollariga pasayishi 4,5 trln so‘m budjet daromadlari kamayishiga;
  • Mis narxining prognozda ko‘zda tutilgan 1 tonnasi uchun 7 800 AQSh dollar narxidan 500 AQSh dollariga pasayishi 940 mlrd so‘m budjet daromadlari kamayishiga;
  • energiya resurslari tariflarining oshirilmay qolishi 1,5 trln so‘m budjet daromadlari kamayishiga olib kelishi mumkin.