“Urganch” xalqaro aeroportida 50 dona qadimiy tanga ushlab qolindi, deya xabar bermoqda Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi matbuot xizmati.

Aeroportdan Urganch-Istanbul reysi orqali uchib ketayotgan chet el fuqarosi R.V. gumonlanib, unga tegishli bo‘lgan shaxsiy buyumlar solingan qo‘l sumkasi tekshirilgan. Uning ichida og‘zaki so‘rov paytida aytilmagan va O‘zbekistondan olib chiqish ta’qiqlangan 50 dona temuriylar davriga oid tangalar borligi aniqlangan.

Tangalarning ayrimlari taxminan XV asrlarda Buxoro va Samarqandda zarb etilgan bo‘lib, ular misdan yasalgan. Ular orasida 1898, 1903, 1908, 1911, 1914, 1916, 1961, 1962, 1963-yillarda zarb qilingani ham bo‘lgan.

Holat yuzasidan bojxona xodimlari tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Urganch shahar sudining qaroriga asosan davlat egaligiga o‘tkazilgan. Hozirda ushbu qadimiy tangalar “Xiva Ichan-qal’a” davlat muzey qo‘riqxonaga topshirilgan.

Ma’lumot uchun, “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi qonun hamda “Madaniy boyliklarni olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi nizom talablariga muvofiq, ellik yil muqaddam va undan ham oldin yaratilgan madaniy boyliklarni O‘zbekiston hududidan olib chiqish mumkin emas.