Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an barcha turkiy davlatlar uchun yagona alifbo yaratish tashabbusi bilan chiqdi. Bu haqda u 3-noyabr kuni Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) sammitidagi nutqi davomida ma’lum qildi, deb yozadi Tengrinews.kz.

“Biz tilimiz, madaniyatimiz va tariximiz asosidagi insoniy munosabatlarimizni mustahkamlash uchun oliy ta’lim sohasida hamkorlikni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarimizni davom ettirmoqdamiz. Albatta, birligimizni mustahkamlashda til juda muhim. Yagona alifbo ham muhim tarkibiy qism bo‘lib, bu yerda prezidentlarning qo‘llab-quvvatlashi muhim. [Turkiya] Oliy ta’lim kengashi tashkilotimiz kotibiyatiga kiritgan taklif, ishonchim komilki, tashkilotimiz tomonidan ko‘rib chiqiladi”, — dedi Erdog‘an (Tengrinews.kz`dan iqtibos).

Bu TDT sammiti doirasida turkiy davlatlarning umumiy alifboga o‘tishi haqidagi birinchi muhokama emas. Avvalroq 2022-yilda TDT qoshida yagona alifbo yaratish bo‘yicha Komissiya tuzishga qaror qilingandi.

Turkiy davlatlar tashkilotiga Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya va O‘zbekiston kiradi. Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchi davlatlardir.