2-noyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 17:30da yangi Air Samarkand mahalliy aviakompaniyasining birinchi samolyoti Samarqand xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi, deya xabar bermoqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati.

Bortida 277 ta ekonom va 36 ta biznes-klass o‘rindiqlariga ega Airbus A330−300 samolyoti an’anaviy tarzda suv arkasi bilan kutib olingan.

Kompaniya o‘z aviaparkini kengaytirish niyatida, xususan, yaqin kunlarda samolyotlar parki ikkinchi — o‘rta masofali Airbus A321 bilan to‘ldiriladi. 2023-yil oxiriga qadar kompaniya 5 tagacha samolyotni qabul qilib, foydalanishga topshirishni rejalashtirmoqda.

Kuz-qish mavsumida aviatashuvchi Samarqanddan qator xorijiy yo‘nalishlarga, jumladan, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yaqin Sharq, Turkiya va Xitoy shaharlariga muntazam va charter reyslarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumot uchun, Air Samarkand 2022-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston aviakompaniyasi bo‘lib, bosh ofisi Samarqand shahrida joylashgan.