Toshkent shahridagi jamoat transportlari yo‘lovchilari 1-noyabrdan boshlab yo‘lkirani naqd pulda 2000 so‘m, to‘lov kartasi orqali esa 1700 so‘mdan to‘lamoqda. AOKAda Transport vazirligi, “Toshshahartransxizmat” AJ rahbariyati bilan birgalikda yangi moslashuvchan tariflar haqida tushuntirish berish uchun matbuot anjumani o‘tkazildi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” jurnalisti.

Keltirilishicha, yangi moslashuvchan tariflar joriy etilguncha yo‘lovchilarning 60−65 foizi yo‘lkirani elektron tarzda to‘layotgandi. Hozirda to‘lov kartalariga talab ortgan.

“Yo‘l haqi oshib, moslashuvchan tariflar joriy qilingach, transport kartalarga talab oshgan. Kunlik kuzatuvlarga qaralsa, transport kartasi sotuvi 200 foizgacha ko‘tarildi. Shuni inobatga olib, yaqin 1−2 oy ichida jamoat transportidan doimiy foydalanadigan yo‘lovchilar yo‘lkirani 70−80 foizgacha elektron karta orqali to‘lashi kutilmoqda”, — deya ta’kidladi “Toshshahartransxizmat” tashkiloti moliya bo‘limi boshlig‘i Iroda Ismoilova.

atto, transport kartalari

Chapdan ikkinchi: “Toshshahartransxizmat” AJ Moliya bo‘limi boshlig‘i Iroda Ismoilova/ Foto: “Toshshahartransxizmat”AJ

Hozirda jamoat transportida transport kartalari uchun 1 soatlik almashish tariflari quyidagicha:

atto, transport kartalari

Bundan tashqari, 1 soatlik almashish tariflari hozirda faqat ATTO transport kartalariga amal qiladi. Bank kartalaridan to‘lov qilinganda, ushbu tariflardan foydalanib bo‘lmaydi. ATTO rahbari Davron Shoyakubov bunga quyidagicha izoh berdi:

“ATTO to‘lov tizimida yashovchi to‘lov kartalarining hammasi tizim tomonidan boshqariladi. Undagi pullarni qo‘shish yoki ayirish funksiyasini bajarish mumkin. Bank kartasidan to‘lov qilganlar bo‘yicha ma’lumotlarni esa tizim saqlab qolmaydi. Ularni nazorat qilish imkoni mavjud emas. Almashinuv tarifi faqat ATTO kartasida amal qiladi, sababi u umumiy bir infratuzilmada joylashgan”, deya izoh berdi u.

Transport vazirligi huzuridagi “Transport tizimini kompleks rivojlantirish” loyiha ofisi rahbari Murod Abidovning aytishicha, moslashuvchan tariflar orqali aholining mobilligini aynan jamoat transportiga yo‘naltirishga harakat qilinmoqda.

“Biz oldin tariflar ishga tushirilishidan olinadigan natijani ko‘rib chiqishimiz kerak. Bu tariflar bizga qo‘shimcha katta imkoniyatlar beryapti. Aholi uchun qulay infratuzilmani joriy etish orqali aholining mobilligini aynan jamoat transportiga yo‘naltirishga harakat qilyapmiz. Bu boshqa transportlarga tushadigan yuklamani kamaytiradi. Avtobuslarning ishlatilish samaradorligini oshirishga yordam beradi. [Jamoat transportida yo‘l haqini yana oshirish] vaziyatdan kelib chiqib keyingi yili Toshkent shahar hokimligi tomonidan ko‘rib chiqiladi. Bunda aholi takliflari va asosiy hisob-kitoblar inobatga olinadi”, dedi u.

Shuningdek, u jamoat transportida chiptachilardan voz kechilishi mumkinligi, lekin bu birdaniga ro‘y bermasligini ta’kidladi.

“Yo‘lovchilar to‘lovining 80 foizdan ortig‘i elektron tizimga o‘tgach, qolaversa, har bir fuqaro to‘lov madaniyatini o‘zlashtirsa, parallel ravishda hujjatlarda belgilangan nazoratchilar tizimi ayrim yo‘nalishlarga bosqichma-bosqich kiritib boriladi”, — deya ta’kidladi Murod Abidov.