Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi hamda Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tomonidan Toshkent viloyatida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalari tanqidiy muhokama qilindi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar qildi.

Majlisda Qo‘mita va Komissiya a’zolari, Bosh prokuratura, mas’ul vazirlik, idoralar, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. Shuningdek, Toshkent viloyatining sohaga mas’ul rahbarlari videokonferensaloqa tizimi orqali ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, har yili yangi maktab, bog‘cha, kasalxona, sog‘lomlashtirish maskanlari kabi obyektlar qurilayotgan bo‘lsa, mavjudlari zamon talablariga mos ravishda qaytadan ta’mirlanmoqda. Ushbu ishlarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlashda prokuror nazorati o‘rni muhimligi ta’kidlandi.

Xususan, Toshkent viloyati prokuraturasi organlari huzurida tuzilgan hududiy shtablar tomonidan qurilish ishlari sifati va hajmlarining haqqoniyligi o‘rganilib, 150 ta obyektda sifatsiz bajarilgan 10,6 mlrd so‘mlik ishlar va 106 ta obyektdagi 4,8 mlrd so‘mlik qo‘shib yozish holatlari aniqlangan.

Shuningdek, dastur ijrosi bo‘yicha o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida prokuratura organlari tomonidan 21,9 mlrd so‘mlik 19 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 14,4 mlrd so‘m miqdorida zarar qoplangan.

Viloyatdagi har bir obyektning loyiha-smeta hujjati qayta o‘rganilishi natijasida 994 ta loyihadan 216,8 mlrd so‘mlik mablag‘ budjetdan ortiqcha xarajat qilinishining oldi olingan. Bundan tashqari, qurilish ishlari sust olib borilayotgan 35 ta obyektga 845 nafar mahalliy yoshlar jalb etilib, bandligi ta’minlangan.

Senatorlar amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda viloyatda ijtimoiy soha va infratuzilmani rivojlantirish obyektlari qurilishida ayrim kamchiliklar saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratdi.

Jumladan, dasturdagi 13 ta obyekt o‘tgan yilda foydalanishga topshirilishi lozim bo‘lsa-da, o‘rganish kuniga qadar ishlar yakunlanmagan va foydalanishga topshirish dalolatnomalari to‘liq rasmiylashtirilmagan.

Bundan tashqari, dastur doirasida 2023-yilda topshirilishi lozim bo‘lgan 101 ta obyektda qurilish ishlari rejadan orqada qolgan bo‘lsa, yangidan qurilishi rejalashtirilgan 21 ta obyektda qurilish ishlari boshlanmagan.

Shuningdek, 2023/2024 o‘quv yilida foydalanishga topshirilishi kerak bo‘lgan 4 ta o‘rta ta’lim maktabida hamda 7 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish ishlari yakunlanmagan. Yuqori Chirchiq, Bo‘stonliq, Qibray, Yangiyo‘l tumanlarida 2 tadan, Chirchiq, Nurafshon shaharlari hamda Bekobod tumanida 1 tadan shunday obyektlar mavjud.

Muhokama yakunida Toshkent viloyat hokimligi hamda viloyat prokuraturasi, shuningdek, Bosh prokuratura, mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli taklif va tavsiyalarni qamrab olgan Qo‘mita qarori qabul qilindi.