Pokiston hukumati afg‘on qochqinlarini hibsga olish va Afg‘onistonga deportatsiya qilish kampaniyasini boshladi, deb yozmoqda The Guardian. Bir oy oldin Islomobod barcha noqonuniy muhojirlarga Pokistonni ixtiyoriy ravishda tark etishni buyurgan edi. Topshiriqni bajarish muddati 1-noyabrga o‘tar kechasi tugadi.

“Bizda Pokistonda noqonuniy bo‘lganlar haqida ma’lumotlar bor. Biz eshikma-eshik yurib, geozondlash ishlarini o‘tkazdik. Ularni ushlab, deportatsiya qilamiz. Hozirda butun mamlakat bo‘ylab, jumladan, poytaxtda ham o‘nlab hibsga olinganlar bor”, — dedi Pokiston ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Sarfraz Bugti.

Pokistonning immigratsiya siyosatini qat’iylashtirgani sababli kamida 200 ming kishi allaqachon Afg‘onistonga qaytgan, deydi Bugti.

BBC`ning qayd etishicha, afg‘onlarga ko‘ra, politsiya maxsus viza (Special Immigrant Visas) olishga muvaffaq bo‘lgan va Pokistonda qonuniy qochqin hisoblanganlarni ham hibsga olmoqda. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 2-noyabr kuni minglab odamlar Pokiston va Afg‘oniston chegarasida, Balujiston viloyatida to‘planishgan.

Inson huquqlari tashkilotlari, jumladan Amnesty International Pokistonning “noqonuniy” xorijiy fuqarolarni deportatsiya qilish rejasini tanqid qildi. BMT ham mamlakat hukumatini “inson huquqlari sohasidagi halokat”ning oldini olish uchun afg‘onlarni deportatsiya qilishni to‘xtatishga chaqirdi.

“Biz deportatsiyaga uchraganlarning ko‘pchiligi Afg‘onistonga qaytarilsa, inson huquqlari buzilishi, jumladan, o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olish va qamash, qiynoqlar, shafqatsiz va g‘ayriinsoniy munosabatga duchor bo‘lish xavfi ostida qoladi deb hisoblaymiz”, dedi BMT Inson huquqlari boshqarmasi so‘zlovchisi Ravina Shamdasani.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirda Pokistonda ikki milliondan ortiq hujjatsiz afg‘on istiqomat qiladi, ulardan kamida 600 ming nafari “Tolibon” 2021-yil avgustida hokimiyatga qaytganidan keyin kelgan.