Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 2−3-noyabr kunlari Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘ladi.

Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar qilishicha, sammit kun tartibidan tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-kommunikatsiya, ekologiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda yanada rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.

Delegatsiyalar rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashadilar. Tadbirlar yakunida qator qo‘shma hujjatlar qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, tashkilot a’zolari “tabiiy ofatlarni bartaraf etish, tomonlar hududlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ofatlar va favqulodda vaziyatlarda shoshilinch ehtiyojlarni qondirish uchun birgalikdagi salohiyatni ishlab chiqish” bo‘yicha muhofaza mexanizmini tasdiqlash niyatida.

“2023-yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga O‘zbekiston raislik qilmoqda. Ko‘p qirrali hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan 100 dan ortiq muhim tadbir o‘tkazildi”, — deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, tashkilotga O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkiya a’zo, Vengriya va Turkmaniston kuzatuvchilardir.