Rossiyaning Fly and See Agro kompaniyasi O‘zbekistonda dron ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatida, deb yozmoqda Spot “Kommersant” nashriga tayanib.

Qayd etilishicha, “Navoiy” maxsus iqtisodiy zona direksiyasi rahbari Habib Abdullayev va Fly and See Agro kompaniyasi bosh direktori Vasiliy Ptitsin respublikada uchuvchisiz uchish tizimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha memorandum imzolagan.

Unga ko‘ra, Navoiyda rossiyalik mutaxassislar ishtirokida qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun dronlar ishlab chiqarilishi, shuningdek, tashqi bozorlarga (jumladan, Rossiyaga) eksport qilinishi rejalashtirilgan.

“Besh yillik muddatda dasturning umumiy qiymati 80 mln dollarni tashkil etadi. Kompaniya O‘zbekistonni Yaqin Sharq bozorlariga chiqish uchun tramplin sifatida ko‘radi”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Malayziyaning 3 ta — Alphaswift, Meraque va Aonis kompaniyalari O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, sanoat sohasi hamda yetkazib berishda foydalanish uchun dronlar ishlab chiqarish masalalarini ko‘rib chiqayotgani xabar qilingandi.