Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tomonidan O‘zbekistonda shaharlarining yashash uchun qulayligi reytingi tuzildi.

Mutaxassislar shaharlarda yashash qulayligini yig‘ma indeks asosida baholab, milliy statistik ko‘rsatkichlar doirasida hamda har yili dunyo shaharlari bo‘yicha yashash uchun qulay shaharlar reytingini tuzuvchi Global Liveability reytingi metodologiyasi asosida ishlab chiqqan.

Indeksni shakllantirishda ta’lim, sog‘liqni saqlash, infratuzilma, barqarorlik, madaniyat va atrof-muhit yo‘nalishlaridagi jami 27 ta miqdoriy hamda sifat ko‘rsatkichlaridan foydalanilgan. Reyting aholi soni 40 ming kishidan ortiq bo‘lgan respublikaning 30 ta shahri uchun ishlab chiqildi.

Natijalarga ko‘ra, respublikadagi yashash uchun eng qulay shaharlar kuchli beshligidan quyidagilar o‘rin egalladi (100 ballik tizimda reyting bali):

  1. Toshkent (79,1).
  2. Urganch (76).
  3. Buxoro (75,4).
  4. Samarqand (70,6).
  5. Navoiy (68,1).

мҳти, reyting, qulay shaharlar
Infografika: MHTI.

Ro‘yxatning eng quyi beshtaligidan Bekobod (35,3), Xonobod (35,3), Yangiyer (33,5), Ohangaron (32,9) hamda Quvasoy (26,4) shaharlari joy oldi. Reyting bo‘yicha yashash qulay Top-10 shaharlarning barchasi viloyat markazlari hisoblanib, reytingda ushbu shaharlarga reyting pog‘onalari bo‘yicha eng yaqin Qo‘qon (13-o‘rin), Xiva (14-o‘rin) va Chirchiq (16-o‘rin) kabi nomarkaziy hududiy birliklar joylashdi.

Yo‘nalishlar kesimida yetakchi shaharlar:

  • ta’lim hamda tibbiyot: Buxoro, Guliston va Urganch;
  • infratuzilma: Urganch, Navoiy va Toshkent;
  • ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik: Toshkent, Urganch va Guliston;
  • madaniyat va atrof-muhit: Toshkent, Buxoro va Samarqand.

Ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlik ko‘rsatkichida migratsiya oqimidagi aholi soni, tuzilgan nikohlar va ajrimlar, tadbirkorlar, xizmatlar va chakana savdo aylanmasi inobatga olingan.

Sog‘liqni saqlash ko‘rsatkichi koykalar, tibbiyot xodimlari, 1 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi kabilar bo‘yicha tuzilgan bo‘lsa, ta’lim yo‘nalishi maktabgacha ta’lim qamrovi, o‘quvchi (talaba)lar soni, nodavlat umumiy o‘rta ta’limdan foydalanish imkoniyatlari, OTMga kirishdagi o‘rtacha to‘plangan ballar hisobga olingan.

Madaniyat va atrof-muhit ko‘rsatkichi ifloslantiruvchi moddalar, mehmonxonalardagi o‘rinlar, dam olish maskanlari va sanatoriylar, turoperatorlar, teatr va kinoteatrlar, arxitektura yodgorliklari va diqqatga sazovor joylar soni bo‘yicha tuzilgan.

Infratuzilma ko‘rsatkichida ichimlik suvi, tabiiy gaz bilan ta’minlanganlik, temiryo‘l, havo transportidan foydalanish imkoniyati hamda ovqatlanish, savdo obyektlari soni inobatga olingan.

мҳти, reyting, qulay shaharlar
Infografika: MHTI.

Ta’kidlanishicha, reytingni amaliyotga joriy etish natijasida respublika shaharlarining umumiy holatini bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha doimiy monitoring qilib borish imkoni yaratiladi.

Uni takomillashtirish doirasida har bir yo‘nalish bo‘yicha mavjud muammoli sohalar aniqlanib, ularni bartaraf etish hamda kelgusidagi iqtisodiy rivojlanishga to‘siq bo‘luvchi omillarni kamaytirish mumkin, deya hisoblaydi MHTI ekspertlari.

Eslatib o‘tamiz, Economist Intelligence Unit`ga ko‘ra, Toshkent yashash uchun qulay shaharlar reytingida 13 pog‘ona pastlab, 173 ta shahar ichida 157-o‘rinni egallagan. Ro‘yxatda Avstriyaning Vena shahri yetakchilik qilgan.