Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov Belarus Milliy Kengashi Vakillar palatasi vakillari hamda mamlakatning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Leonid Marinich bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Belarus onalar va go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichi eng past davlatlardan biri. Bu yerda onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha takomillashgan me’yoriy-huquqiy baza shakllangan, kadrlarni tayyorlash bo‘yicha samarali tizim yaratilgan.

Shundan kelib chiqib, uchrashuvda Qashqadaryoda barpo etilgan Ona va bola salomatligi tibbiyot markazi faoliyatiga Belarus boshqaruv tizimini joriy etish masalasi ko‘rib chiqildi. Buning uchun Belarus Ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy markazining mutaxassislarini jalb qilishga kelishib olindi.

Mehmonlar bu sohadagi qonunchilikni takomillashtirish, shu jumladan, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash kodeksini ishlab chiqishda yaqindan yordam berishga tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, birlamchi bo‘g‘inda mehnat qilayotgan akusherlarni Belarus ta’lim standartlari asosida o‘qitish rejalashtirilmoqda. Bu borada erishilgan kelishuvga ko‘ra, dastlabki bosqichda Qashqadaryo viloyatida birlamchi ambulator tizimda faoliyat yuritayotgan 900 nafar doya xalqaro protokollar asosida milliy maqsadlar va demografik vaziyatni hisobga olgan holda o‘qitiladi.

Yakuniy imtihon chet ellik ekspertlar tomonidan qabul qilinib, undan muvaffaqqiyatli o‘tganlar xalqaro sertifikatga ega bo‘ladi.

Muloqot davomida 13−24-noyabr kunlari O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Belarus tibbiyoti kunlariga tayyorgarlik ko‘rish masalasi ham muhokama qilindi.

“Mazkur aksiya doirasida do‘st mamlakatdan yurtimizga bolalar onkogematologiyasi, kardiologiya, onkologiya, neonatologiya kabi yo‘nalishlar bo‘yicha yetakchi mutaxassislar, olimlar tashrif buyurishi rejalashtirilgan. Ular ishtirokida hududlarda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari, mahorat darslari, konsilium va seminarlar tashkil etiladi”, — deyiladi xabarda.

Qolaversa, aksiyaning mantiqiy davomi sifatida noyabr oyi yakunida Minsk shahrida O‘zbekiston — Belarus tibbiyot forumi o‘tkaziladi. Tadbirga hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari, tuman tibbiyot birlashmalari mas’ullari, shuningdek, tibbiyot texnikumlari va tibbiy oliygohlar rahbarlari ham borishi kutilmoqda.

Tadbir yakunida o‘zaro manfaatli qator memorandum va kelishuvlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.