2023-yilning uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy banki oltin xarid qilish bo‘yicha dunyoning yetakchi markaziy banklari beshligiga kirdi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (WGC) ma’lumotlariga tayanib, Spot xabar qildi.

Unga ko‘ra, mazkur davrda O‘zbekiston Markaziy banki 7 tonna qimmatbaho metall sotib olgan.

Tegishli ro‘yxatda birinchi o‘rinni Xitoy egallagan. Mamlakat ushbu chorakda oltin zaxiralarini 78 tonnaga oshirgan. Kuchli uchlikni Polsha va Turkiya egalladi hamda mamlakatlar mos ravishda 57 va 39 tonna oltin xarid qilgan. Qimmatbaho metallning eng yirik xaridorlari ro‘yxatida Hindiston, Chexiya, Singapur, Qatar, Rossiya, Filippin va Qirg‘iziston ham bor.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, avgust oyida O‘zbekiston xorijga oltin sotishni to‘xtatgan. Yil boshidan buyon qimmatbaho metallar eksportidan 5,63 mlrd dollar daromad keltirildi va bu o‘tgan yildagi ko‘rsatkichdan deyarli ikki baravar ko‘p.

Avvalroq ketma-ket oltinchi oy O‘zbekiston oltin-valyuta zaxiralarida yana kamayish kuzatilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unga ko‘ra, 2023-yilning 1-oktabr holatiga ko‘ra, mamlakat zaxiralari 1,65 mlrd dollarga kamayib, 31,03 mlrd dollarni tashkil etdi. Mart oyiga nisbatan oltin-valyuta zaxiralari deyarli $4,4 mlrd kamayib, 2020-yil martidan beri eng past darajaga yetdi.