1-noyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev va Fransiya prezidenti Emmanuel Makron strategik minerallar bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzoladi. Fransiya rahbarining Ostonaga tashrifi davomida jami oltita kelishuv imzolandi, deya xabar bermoqda Qozog‘iston rahbari matbuot xizmati.

Tokayev uchrashuvda mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini, uning so‘zlariga ko‘ra, bu “bugungi murakkab geosiyosiy va geoiqtisodiy vaziyatda ayniqsa muhim” ekanini ta’kidladi.

“Biz Boehringer Ingelheim, Total Energies, Alstom bilan ham kelishuvlarga erishdik. Bu kelishuvlar har ikki davlat uchun foydali bo‘ladi”, — dedi Qozog‘iston rahbari.

Muzokaralarda prezidentlar yashil iqtisodiyotga o‘tish va iqlim o‘zgarishi masalalarini ham muhokama qildi. Tokayev, xususan, Qozog‘iston Fransiyaning One Planet Summit sammiti tashabbusi doirasida hamkorlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, tomonlar ta’lim va fan sohasidagi loyihalar, xususan, Qozog‘istonda fransuz maktablarini ochish bo‘yicha kelishib oldilar, deyiladi xabarda.

“Mamlakatingizning o‘rni va geografik joylashuvi, uning o‘lchamlari juda muhim, shuning uchun biz iqtisodiy hamkorligimizni muhokama qildik… Bu Fransiya korxonalarining savdo va energetika sohasidagi uzoq muddatli hamkorligi… Biz boshqa sohalarda ham korxonalarimizning mavjudligini mustahkamlashni istardik. Bizda hamkorlikning tizimli sohalari mavjud. Men allaqachon energetika sohasini aytdim, bundan tashqari, bu aerokosmik sanoatdir”, — dedi Makron.

Davlatlar tomonidan imzolangan hujjatlar qatorida quyidagi kelishuvlar ham bor:

  • Fransiya agentligi guruhini tashkil etish to‘g‘risida;
  • oyoq va og‘iz kasalligiga qarshi vaksina ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha;
  • 1 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha;
  • temir yo‘l lokomotivlarini ishlab chiqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha.

Shu kuni Ostona shahrida Qozog‘iston-Fransiya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, unda Qozog‘iston va Fransiya rahbarlari ishtirok etdi. Tokayev o‘z nutqi davomida, xususan, Qozog‘iston Fransiyaga neft eksportini ko‘paytirishga tayyorligini va uran yetkazib berishda katta imkoniyatlarni ko‘rayotganini bildirdi.

Tokayev mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishi sifatida qishloq-oziq-ovqat sohasini qayd etdi. U global oziq-ovqat tanqisligi sharoitida Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini ikki baravar oshirishga intilayotganini ta’kidladi. Qozog‘iston tomoni chorvachilik va o‘simlikchilik sohasidagi qo‘shma loyihalarni ham qo‘llab-quvvatlashga tayyor, dedi u.

Qozog‘istondan so‘ng Fransiya prezidenti O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan boradi. Samarqandda O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar bo‘lib o‘tadi