Xorijiy fuqarolarning dastlabki guruhlari Misr bilan chegaradagi Rafah nazorat punkti orqali G‘azo sektorini tark eta boshladi. Bu haqda The Times of Israel nashriga tayanib, Meduza xabar berdi.

Taxminlarga ko‘ra, 400 ga yaqin xorijiy pasport egalari 1-noyabr kuni ushbu nazorat-o‘tkazish punkti orqali Falastin hududini tark etishlari mumkin bo‘ladi.

Bundan tashqari, 90 ga yaqin og‘ir yarador G‘azo sektoridan olib chiqilishi kutilmoqda. Nazorat punkti yaqinida Misr hukumati dala kasalxonalarini tashkil qilayotgani keltirilgan.

Avvalroq Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli Rafah nazorat-o‘tkazish punkti 1-noyabr kuni ochilishi va u yerda qolgan xorijliklar Falastin hududini tark etishi mumkinligini ma’lum qilgandi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Britaniya hukumati o‘z fuqarolari G‘azo sektorini tark etishi bilanoq ularga yordam berishga tayyor bo‘ladi.

Reuters manbalari ham Rafah nazorat-o‘tkazish punktining 1-noyabrda ochilishi mumkinligi haqida xabar bergandi. Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, tegishli kelishuvga Qatar vositachiligida Isroil, Misr va HAMAS vakillari o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida erishilgan.

G‘azo-Misr chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punkti qancha vaqt ochiq bo‘lishi noma’lum.

Rafah o‘tkazish punkti G‘azo sektoridan Isroil tomonidan nazorat qilinmaydigan yagona chegara punktidir. G‘azo sektoridagi yana ikkita nazorat punkti — Erez va Kerem Shalom Isroil hududiga kiradi va ular ishlamayapti. Rafah orqali, jumladan, G‘azo sektoriga insonparvarlik yordami kirib keladi.

Qochqinlar lageriga aviazarba

Bir kun avval HAMAS nazoratidagi G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi G‘azo sektori shimolidagi Jabaliya shahrida portlash sodir bo‘lganini ma’lum qilgandi. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda yaqin atrofdagi Indoneziya shifoxonasi direktori kamida 50 kishi halok bo‘lganini da’vo qilgan.

Keyinroq Isroil mudofaa kuchlari matbuot kotibi Daniel Xagari Isroil aviatsiyasi G‘azo sektoridagi Jabaliya qochqinlar lageriga zarba berganini tasdiqlagan.

The Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, vayronalar ostidan 47 kishining jasadi topilgan.