31-oktabr kuni YUNESKO Buxoroni “Ijodiy shaharlar tarmog‘i”ga (UCCN) qo‘shganligini e’lon qildi. Shahar nomzodi O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida taqdim etildi, deb xabar berdi “Gazeta.uz”ga jamg‘arma.

YUNESKOning “Ijodiy shaharlar tarmog‘i” dasturi 2004-yilda tashkil etilgan va har ikki yilda yangilanadi. U ijodkorlikka — barqaror shahar rivojlanishi dvigateli, ijtimoiy integratsiya va madaniyatning dunyoga ta’sirini kengaytirish uchun sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan shaharlar o‘rtasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishuchun mo‘ljallangan.

Dastur BMT tashabbuslarini, jumladan, 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Hozirda ushbu dasturga dunyoning 300 ga yaqin shaharlari kiritilgan.

Tarmoqqa a’zo bo‘lgan shaharlar ijodkorlik va madaniy sohalarni rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni almashish, madaniy ishtirok darajasini oshirish hamda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish rejalarini ishlab chiqishda madaniyatni hisobga olish uchun hamkorlik qilish va hamkorlikni rivojlantirish majburiyatini zimmasiga oladi.

Ijodiy shaharlar tarmog‘i yetti ijodiy yo‘nalishni qamrab oladi: dekorativ-amaliy va xalq amaliy san’ati, dizayn, kino, gastronomiya, adabiyot, mediasan’at va musiqa. O‘zbekiston madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi Buxoroni dekorativ-amaliy va xalq amaliy san’ati yo‘nalishida taqdim etdi, shuningdek, Buxoroda ijodning ushbu sohasini rivojlantirishning to‘rt yillik rejasini taqdim etdi.

“2025-yilda YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini Samarqand shahrida o‘tkazish taklifi O‘zbekistonning YUNESKO doirasida qo‘shadigan hissasini yanada mustahkamlashiga aminman”, — dedi O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva.

2025-yilda Buxoroda birinchi zamonaviy dizayn va hunarmandchilik biyennalesi bo‘lib o‘tadi. Bu O‘zbekistonning xalqaro san’at hamjamiyatiga qo‘shilib, jahondagi madaniy-tarixiy qiyofasini yuksaltirish imkonini berishi kutilmoqda.

“Biyennale tufayli mahalliy hunarmand va rassomlarning xalqaro hamkasblari bilan muloqot qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bu mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish imkoniyatini ochib beradi va zamonaviy kontekstda an’anaviy hunarmandchilik imkoniyatlarini ochish vektorini beradi”, — deyiladi xabarda.