Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bahromjon A’loyev hozirgi kunda Isroilda 10 ming 500 nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarosi istiqomat qilishi, biroq Falastinda ular borligi haqida hozircha ma’lumot yo‘qligini bildirdi.

30-oktabr kuni o‘tkazilgan Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisida Tashqi ishlar vazirligining 2023-yilning birinchi yarmidagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Unda senatorlar, shuningdek, Yaqin Sharqdagi vaziyat, u yerda fuqarolar ahvoli va yaratilgan sharoitlar bilan qiziqqan. Bahromjon A’loyevning so‘zlariga ko‘ra, Isroilda 10,5 mingdan ziyod fuqarolarning aksariyati samarqandliklar bo‘lib, ularning 95 foizi keksa yoshdagi shaxslarga xizmat ko‘rsatuvchilardir.

o‘zbekistonlikлар, фаластин-исроил

“Mojaro boshlanganidan keyin Isroildagi elchixonamiz fuqarolarimiz bilan yaqindan aloqada bo‘lib turishibdi. Isroilda tahsil olayotgan 70 nafar talabalarimiz vatanga qaytarildi. Samarqand davlat universitetidan borgan 6 nafar talabamiz qaytishni xohlamagan. Hozir ular bilan ham ishlar olib boryapmiz, imkon bo‘lsa ularni ham qaytaramiz”, — dedi TIV vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, keksa yoshdagilarga qaraydigan fuqarolarning aksariyati O‘zbekistonga qaytishni xohlamayapti. Vazir o‘rinbosari buning sababi haqida gapirarkan, ular o‘sha yerga ishga ketishdan oldin ancha qarzga botib ketishgani, ba’zilari kreditga uy, mashina olgani sabab, to‘lashi kerakligini, umuman, moddiy qiyinchiliklar tufayli o‘sha sharoitda qolib ishlashga majbur bo‘lishayotganini ta’kidladi.

“Falastin hududida, qancha fuqaromiz bor, bormi-yo‘qmi, bizda aniq ma’lumot yo‘q. Lekin oldingi ma’lumotlarga tayanib aytishim mumkinki, u yerda ba’zi bir turmushga chiqqan ayollarimiz bo‘lishi mumkin”, — dedi.

Hozirda diplomatik vakolatxona vakillarining oila a’zolari ham O‘zbekistonga qaytarilgan. Elchi bilan birgalikda 5 nafar xodim esa Isroilda o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Bahromjon A’loyev Uzbekistan Airways qatnovlarni kamaytirmagan holda haftasiga 3 marta reys amalga oshirayotganini qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq HAMASning Isroildagi hujumlari natijasida 1990-yillarda u yerga ko‘chib ketgan besh nafar asli o‘zbekistonlik halok bo‘lgani haqida ma’lumot berilgandi. Ularda amaldagi O‘zbekiston pasportlari bo‘lmagan.

O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi fuqarolardan raketa otishmalari paytida boshpanalarni tark etmaslik va elchixonaga konsullik xizmatlarini olish uchun kelishni vaqtincha to‘xtatib turishni so‘ragan.