Toshkent shahrida 17-oktabr kunidan beri 6 ming nafardan ortiq piyoda yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Rafiqjon Jalilov ma’lum qildi.

“Gazeta.uz” muxbiri xabar berishicha, u mazkur raqamlarni YHXB hamda Gross kompaniyasi o‘rtasidagi memorandum imzolash marosimidagi nutqida davomida ochiqlagan.

Rafiqjon Jalilovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning 9 oyi davomida Toshkent shahrida piyodalar bilan bog‘liq 539 ta yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Unda 566 nafar piyoda jarohat olgan.

Bunday voqealarni oldini olish maqsadida joriy yilning 17-oktabr kunidan boshlab, “Diqqat piyoda” profilaktik tadbiri o‘tkazilmoqda. Tadbirga 1000 nafardan ortiq Ishki ishlar hodimlari va jamoatchilik vakillari jalb etilgan.

Tadbir boshidan buyon Toshkent shahrida yo‘lning belgilanmagan joyidan kesib o‘tgan jami 6000 nafardan ortiq piyoda aniqlanib, ularga nisbatan tegishli tartibda choralar (jarima — tahr.) ko‘rilgan.

Shuningdek, haydovchilar tomonidan piyodalarga yo‘l bermaslik holatlari bo‘yicha Toshkent shahrida 57 ta qoidabuzarlik aniqlanib, tegishli tartibda ma’muriy bayonnomalar tuzilgan.

Bundan tashqari, piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida 2023-yil boshidan beri 34 ta tugmachali piyodalar svetofori o‘rnatilgan.