O‘zbekiston Falastin xalqi bilan birdam va o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi.

Davlat rahbari Isroil armiyasi va HAMAS harakati o‘rtasida davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar gumanitar inqirozni chuqurlashtirayotgani, tinch, begunoh aholi orasida ko‘p sonli qurbonlarga olib kelayotganini qayd etdi.

Shuningdek, Falastin va Isroil tomonidan qurbon bo‘lgan barcha insonlarning oilalariga chin dildan ta’ziya va hamdardlik izhor etishini bildirdi.

“Biz Falastin xalqi bilan birdam ekanimizni qat’iy bildiramiz va uning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi va Xavfsizlik kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz”, — dedi prezident.

Shu o‘rinda, G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qilganini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, zo‘ravonlik yanada avj olaversa, bu xalqaro vaziyatning keng miqyosda izdan chiqishiga, qurolli to‘qnashuvlarga yangi kuchlar tortilishiga olib keladi.

“Bularning barchasi Yaqin Sharq mintaqasi bilan cheklanmay, uzoq o‘lkalarga ham tarqalib ketadigan, oqibatini bashorat qilib bo‘lmaydigan fojialarga olib kelishi mumkin. Aynan shuning uchun ham biz har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinchlik yo‘li bilan hal etishga chaqiramiz”, — dedi davlat rahbari.

“Biz yashayotgan Markaziy Osiyo mintaqasi turli millat va konfessiyalar vakillarining o‘zaro tinch-totuv hayot kechirishi bo‘yicha noyob tajribaga ega. Bu zaminda asrlar davomida musulmon, xristian va yahudiylar do‘stlik va hamjihatlikda yonma-yon yashab kelyapti”, — dedi Mirziyoyev.

Prezident barchaga, avvalo, yoshlarga murojaat qilib, ularni turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqirdi.

“Bizning eng katta kuchimiz, bebaho boyligimiz bo‘lgan tinch va osoyishta hayotimizni, o‘zaro birlik va hamjihatligimizni barchamiz birgalikda asrashimiz zarur”, — dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi har ikki tomonni qurolli mojaroni to‘xtatishga, yechim topish uchun faqat diplomatik vositalar va xalqaro huquq me’yorlaridan foydalanishga chaqirgan.