Toshkent viloyati hokimligi viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Abdug‘aniyevning tibbiyot xodimlariga hasharga chiqish bo‘yicha bergan topshirig‘i yuzasidan munosabat bildirdi.

Hokimlik bayonotiga ko‘ra, boshqarma boshlig‘i bu o‘rinda tizim ishchi-xodimlarini o‘zlari mehnat qilayotgan muassasa obodonchiligi yo‘lida hasharga chiqishga da’vat qilgan.

“Bu majburiy mehnat emas. Ulug‘bek Abdug‘aniyev izoh berganidek, xodimlar ichki jamoaviy ishlarda qatnashishi haqidagi me’yor jamoa shartnomasida ko‘rsatilgan”, — deyiladi munosabatda.

Hokimlik 18-oktabr kuni Toshkent viloyati mahalla faollari, nuroniylar, xotin-qizlar va yoshlar vakillarining viloyat ahliga murojaati e’lon qilinganini keltirib o‘tdi. Unda, jumladan, “Daraxt ekish va uni parvarishlashni majburiyat emas, qadriyat sifatida qabul qilaylik!” deya ta’kidlangan.

“Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev shu asosda viloyatda [28−29 oktbyar kunlari] umumxalq hashari o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi va aholiga videomurojaat yo‘lladi. Zoyir Mirzayev umumxalq hasharini o‘tkazishga oid videochiqishida ijtimoiy soha tashkilotlarining ishchi-xodimlari o‘zi mehnat qilayotgan bino yon-atroflarini obodonlashirish, ko‘chat ekish ishlarida faol qatnashishi lozimligini ta’kidlagan”, — deyiladi hokimlik xabarida.

ҳашар, тошкент viloyati

“Ijtimoiy muassasa rahbarlari, maktablar, maktabgacha ta’lim, tibbiyot muassasalari — barcha-barchalaringizning jamoangizga murojaat qilmoqchiman. Bugun yuqorida nomlari keltirilgan tashkilotlar o‘z xodimlarini olib chiqqan holda og‘ir joylarga yordam berish, o‘z hisobidan ko‘chat ekish va chiqindilardan tozalashni tashabbus sifatida ko‘tarmoqda. Nima uchun budjet muassasalarida mazkur tadbir amalga oshirilmas ekan? Biz o‘ylaymizki, ular ham mazkur tashabbusga qo‘shiladi. Rahbarlar bosh-qosh bo‘ladi, va, albatta, biz kutgan natijaga erishamiz… Hasharga chiqadigan insonlarning qo‘lida nima bo‘ladi? Qanaqa mehnat qurollari talab qilinadi? Shuni birinchi o‘rinda hisob-kitob qilaylik”, — degan hokim murojaatda.

“Yuqoridagilardan kelib chiqib, bu holatda Ulug‘bek Abdug‘aniyev o‘zbekona qadriyatlarga hurmat, ona tabiatga e’tibor nuqtai nazaridan xodimlarni hasharda faol qatnashishga chaqirgan. Bu vaziyatni majburiy mehnat deb talqin qilish o‘rinsiz, deb hisoblaymiz”, — deya ta’kidlandi hokimlik bayonotida.