O‘zbekiston BMTning Yaqin Sharq agentligiga G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun 1,5 mln dollar ajratdi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan loyihalar va energetika tizimini kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilish avvalida ma’lum qildi.

“Ma’lumki, Isroil armiyasi va Xamas harakati o‘rtasida davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar gumanitar inqirozni chuqurlashtirmoqda, tinch, begunoh aholi orasida ko‘p sonli qurbonlarga olib kelmoqda. Bolalar va ayollar halok bo‘lmoqda, odamlar boshpanasidan ayrilmoqda, o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lmoqda”, — dedi prezident.

Davlat rahbari Falastin va Isroil tomonidan qurbon bo‘lgan barcha insonlarning oilalariga ta’ziya va hamdardlik izhor etdi.

“Men G‘azo sektori aholisiga baholi qudrat yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharq agentligiga 1 million 500 ming dollar ajratish haqida qaror qabul qildim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident, shuningdek, O‘zbekiston Falastin xalqi bilan birdam va uning BMT Bosh assambleyasi hamda Xavfsizlik kengashining ilgari qabul qilingan rezolyutsiyalariga muvofiq o‘z mustaqil davlatini barpo etishga bo‘lgan huquqini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.

“Biz har ikki tomonni zudlik bilan gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga, jangovar harakatlarni to‘xtatib, nizoni tinchlik yo‘li bilan hal etishga chaqiramiz”, — dedi davlat rahbari.

Shu o‘rinda, Mirziyoyev, barchaga, avvalo, yoshlarga murojaat qilib, ularni turli yolg‘on tashviqotlarga berilmaslikka, qonunga zid xatti-harakatlar sodir etmaslikka chaqirdi.