Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov 26-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida regulyatorda nobank tashkilotlarga valyuta ayirboshlash shoxobchalari ochishga ruxsat berish niyati yo‘qligini ta’kidladi.

“Markaziy bank nobank tashkilotlarga valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanishga ruxsat berish masalasi yuzasidan qat’iy pozitsiyaga ega. Boshqa yuridik yoki jismoniy shaxslarga, nobank tashkilotlarga valyuta ayirboshlash shoxobchalari ochishga ruxsat berish niyatimiz yo‘q”, — dedi regulyator rahbari.

Mamarizo Nurmuratov, shuningdek, banklar o‘zining valyuta ayirboshlash shoxobchalarini o‘z ehtiyojidan kelib chiqib shakllantirishini qo‘shimcha qildi.

“Bizda ularga shoxobchalar sonini ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berish vakolati yo‘q. Xorijiy valyutani mobil ilova orqali ham almashtirish mumkin, buning har xil yo‘llari mavjud. Bizning asosiy maqsadimiz O‘zbekiston ichida milliy valyuta asosiy vosita bo‘lishi hisoblanadi”, — deydi u.