Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari Qarag‘anda viloyatidagi Kostenko ko‘mir konida sodir bo‘lgan portlash oqibatida halok bo‘lgan barcha 46 nafar konchining jasadini topdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

“Hozirgi kunga qadar qidiruv-qutqaruv ishlari davomida 45 nafar konchining jasadi va 46-marhumning tana qismlari topildi”, — deyiladi xabarda.

40 kishining shaxsi aniqlangan, yana olti kishining shaxsi noma’lum. Ularni aniqlash uchun zarur tekshiruvlar o‘tkaziladi. Vazirlikning qayd etishicha, hozirda konda gaz holati normal, ochiq yong‘inlar kuzatilmagan. Mutaxassislar konni tiklash ustida ishlamoqda.

Kostenko nomidagi ko‘mir konida avariya 28-oktabrga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Hodisa vaqtida yer ostida 252 nafar konchi bo‘lgan, ulardan 206 nafari yer yuzasiga chiqarilgan.

Hodisadan so‘ng Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Qarag‘anda viloyatiga borgan va u yerda halok bo‘lgan konchilarning yaqinlari bilan uchrashib, hamdardlik bildirgan.

Davlat rahbari hukumatga korxonaga egalik qiluvchi “ArselorMittal Temirtau” (AMT) bilan sarmoyaviy hamkorlikni to‘xtatish bo‘yicha topshiriq bergan. Voqea sabablarini aniqlash uchun hukumat komissiyasi tuzilgan.

Toqayev, shuningdek, 29-oktabrni hodisa qurbonlari xotirasiga milliy motam kuni deb e’lon qilgan.