Shavkat Mirziyoyev 30-oktabr kuni Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik ko‘rish, transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha olib borilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishish maqsadida qator obyektlarga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbari bunyodkorlik jarayonlari bilan tanishuvni Toshkent xalqaro aeroportiga olib boruvchi yo‘l o‘tkazgichdan boshladi.

Bu ko‘prik Bobur ko‘chasi bo‘ylab Kichik halqa yo‘li va temir yo‘l ustidan o‘tadi. Avtomobillar qatnoviga qulaylikni oshirish maqsadida bu yerda avvalgi ko‘prikka yondosh yana bir estakada qurilmoqda. Qayd etilishicha, u yig‘ma monolit uslubida bo‘lib, sifat talablariga mos.

“Prezidentga ushbu obyektning qurilishi va to‘sinlarni sinovdan o‘tkazish jarayonlari haqida ma’lumot berdik. Aytish kerakki, sinovdan o‘tkazish ishlari qurilishdan avval olib borildi. Bunda poligonlardan foydalanildi. Natijalar loyiha instituti olib borgan hisobotlar aniqligini ko‘rsatdi. Ko‘prik belgilanganidan ko‘ra yuqori vazndagi ko‘tara oladi. Demak bu yo‘l o‘tkazgichni bemalol xavfsiz deyish mumkin. Undan foydalanish muddati 50 yildan kam emas”, — dedi loyihaning rossiyalik maslahatchisi Yuriy Ipatov.

Yuriy Ipatov va Shavkat MirziyoyevYuriy Ipatov va Shavkat Mirziyoyev

Qurilish bitgach, ko‘prikning eni 46 metrga yetadi. Bir kecha-kunduzda 20 ming transportni o‘tkazish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ilgari bu ko‘rsatkich 9−10 ming atrofida bo‘lgani ta’kidlandi.

Ko‘prik yonida 2 ta aylana, 4 ta yoysimon shakldagi chiqish-tushish yo‘li barpo etilmoqda. Bu qayrilib olish xavfini yo‘qotib, boshqa yo‘llardagi harakatga qo‘shilishni osonlashtiradi. Shuningdek, ko‘prik ustida piyodalar va velosipedlar yo‘laklari ham kengaytirildi.

Prezident bu yerdagi qurilish jarayoni bilan tanishdi. Tutash yo‘llarda ham piyodalar va avtomobillar harakatiga qulayliklarni oshirish, atrofni ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Eslatib o‘tamiz, 12-oktabr kuni Toshkentda xalqaro aeroport yaqinida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning birvarakayiga beshta to‘sini qulab tushgandi. Rasmiy xabarlarda ularni o‘rnatish paytida ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘yilgani aytilgandi.