Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahridagi ruhiy kasalliklar shifoxonasida xodim bemorni kaltaklagani aks etgan video tarqaldi.

Videoda tungi paytda bemorlarning qator turg‘izib qo‘yilgani, shu paytda kasalxona xodimlaridan biri ulardan birining yoniga kelib, qo‘li bilan urgani va bemor yiqilgani aks etgan. Shundan so‘ng, uni ko‘tarib olib chiqib ketishganini ko‘rish mumkin.

Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan munosabat bildirarkan, voqea 27-oktabrdan 28-oktabrga o‘tar kechasi “Andijon viloyat ruhiy sog‘liqni saqlash” dispanserida sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, shifoxonaning kichik tibbiy xodimi U.Sh. bemor M.S. ga qo‘pol munosabatda bo‘lgan. Holat yuzasidan tibbiyot muassasasi tomonidan o‘rganish o‘tkazilib, 28-oktabr kuni U.Sh. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Hozirda ushbu holat yuzasidan Andijon shahar IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv harakatlari viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan, deyiladi xabarda.