Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-oktabr kuni Qarshi tumani markazi — Beshkent shahridagi 12-maktabga rejadan tashqari tashrif buyurdi.

Maktabda 1400 nafar o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda. Ularga 100 dan ortiq o‘qituvchilar dars beradi. Maktab 1968-yilda qurilgan bo‘lib, 2 yil oldin kapital ta’mirdan chiqqan. Ta’lim muassasasi 1,6 koeffitsiyent bilan ishlaydi (1 o‘ringa 1,6 o‘quvchi). Bir kasb va ikkita chet tili bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, kompyuter savodxonligi, tikuvchilik, duradgorlik va boshqa to‘garaklar faoliyat ko‘rsatadi.

“O‘zbekiston 24” telekanalining shanba kungi “Menimcha” dasturida qayd etilishicha, prezident ushbu maktabdagi qurib-qaqshab yotgan stadionni va hovliga pala-partish ekilgan o‘simliklarni ko‘rib, ta’bi xira bo‘ldi.

“Hoy, tuman hokimi. Bu sening ishing-ku, viloyat hokiminiki emas-ku, qara”, — dedi davlat rahbari 2022-yil fevralidan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgan tuman hokimi Behzodjon Yusupovga murojaat qilarkan. Tashrifdan so‘ng u ishdan bo‘shatilib, uning o‘rnini Zoir Aliqulov egalladi.

Maktabning ahvoli “raqamlashtirish jarayoni hali yetib kelmagani va hammasi eski uslubda ekani” sababli prezidentni qoniqtirmadi. Bunday sharoitda hozirgi yoshlarni bilim olishga qiziqtirib bo‘lmasligini aytdi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, maktablarning qurilish standartlarini ham qayta ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidladi. Maktab koridorida to‘xtab, mutasaddilardan biriga savol bilan yuzlandi:

“Senga bitta savol: shu turgan joyimiizda qurilishda eng katta xato nima?” — deb so‘radi. So‘ngra bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatovga yuzlandi: “Bilasanmi, yozda issiq, qishda sovuq bo‘ladi. Men Samarqand viloyati hokimi bo‘lganimda o‘zim hamma [maktablardagi] oynani g‘ishtlab, yopib tashlaganman. Hammasini yopish kerak. To‘rtta, bitta [oyna] qolsin. Buni isitib bo‘ladimi? Mana bu beton, agar [deraza] yopilmasa, bu yer hech qachon isimaydi”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev koridordagi derazalar ko‘pligini ko‘rsatib, bittadan qoldirish mumkinligini aytdi. “Yozda salqin, qishda issiq”, — dedi u.