Shavkat Mirziyoyev 24-oktabr kuni Qarshi tumani markazi Beshkent shahridagi 12-maktabga rejadan tashqari borgandi. Ushbu tashrifni yoritgan “O‘zbekiston 24” telekanali sharhlovchisi o‘qituvchilarni “o‘zi ishlayotgan maktab hovlisini gullatib, yashnatib qo‘ymagani” uchun tanqid qildi.

“12-maktab ham o‘tgan yili kapital ta’mirlangan. Biroq oradan 1 yil o‘tibdiki, o‘quv maskaniga yangi parta, stol-stul kabi jihozlar yetib kelmagan. Kapital ta’mirdan chiqqan maktab binosida hatto tarnov o‘rnatilmagan. Stadion qurilishi o‘lda-jo‘lda qolib ketgan”, — deya boshlanadi lavha.

Qayd etilishicha, “maktab ostonasiga qadam qo‘ygan kishining hafsalasi pir bo‘ladi. Shaharchadagi maktab hovlisi qurib-qaqshab yotgan cho‘lni eslatadi. Birorta yangi ekilgan ko‘chat yoki dov-daraxt ko‘zga tashlanmaydi”.

“Axir o‘qituvchilar majburiy mehnatdan ozod qilindi, maoshi oshdi, jamiyatdagi mavqei yuksaldi. Hech bo‘lmasa, shuncha imkoniyatga javoban o‘zi ishlayotgan maktab hovlisini gullatib, yashnatib qo‘yishi mumkin-ku. Balki bu yerdagi pedagoglar hafsalasizligi, befarqligi bilan o‘quvchi yoshlarga o‘rnak bo‘lmoqchidir?” — deya savol berdi telekanal sharhlovchisi.

“Nahotki yangi ta’mirdan chiqqan maktabning ahvoli shunday bo‘lsa? Sinfxonadagi jihozlar dabdala: eshigi sinib, osilib yotgan. Mana bu kompyuter stolini ko‘rib (quyidagi rasmga ishora qilib — tahr.), esiz maktab, esiz ta’lim deging keladi. Balki maktab direktori va o‘qituvchilari bunday manzaraga ko‘nikib qolgandir. Biroq tuman mutasaddilari qayoqqa qarayapti, degan savol tug‘iladi”, — deyiladi lavhada.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday e’tiborsizlik — davlat rahbarining ta’lim sohasidagi islohotlariga, yangi avlod vakillarining kelajagiga xiyonat.

“Davlat o‘z majburiyatini bajaryapti. Joylardagi ijrochi rahbarlar esa sustkashlik qilyapti, aholi noroziligiga sababchi bo‘lyapti. Mana sizga real holat! Joylardagi rahbar va mas’ullarning e’tirobsizligi, mas’uliyatsizligi tufayli ana shunday holat uzil-kesil barham topmayapti. Bunday sharoitda ta’lim sifati haqida gapirishning o‘zi og‘ir”, — deydi sharhlovchi.

Munosabat

Ushbu lavha e’lon qilingach, bir qancha jamoatchilik faollari o‘qituvchilarning tozalik ishlariga jalb etilishi qonunga zid ekani haqida yoza boshladi.

Xalq ta’limi sohasi bo‘yicha blog yurituvchi Ulug‘bek Po‘latov maktab hududini o‘qituvchilar mehnatidan foydalanib obodonlashtirganlik uchun 33 million so‘mlik jarima borligini eslatdi.

“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 2-qismiga ko‘ra, mehnatga biron-bir shaklda ma’muriy tarzda majburlash ta’lim tashkilotining pedagog xodimiga nisbatan sodir etilsa, ish beruvchiga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha (33 mln so‘mdan 49,5 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”, — deya qayd etdi u.

“Shuning uchun qandaydir yig‘ilish yoki televideniyeda aytilgan gaplardan ilhomlanib, o‘qituvchilarni obodonlashtirish ishlariga jalb qilib qo‘ymaslikni maslahat beraman”, — deb ta’kidladi Ulug‘bek Po‘latov.

Sobiq deputat, ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayevga ko‘ra, “o‘qituvchi quruvchi ham, bog‘bon ham, obodonlashtirish xodimi ham emas”.

“Maktabning bu ahvoli uchun aslo o‘qituvchilar aybdor qilinmasligi kerak! Sharhlovchi asosiy urg‘uni tender o‘tkazib, maktabni „moshennik“ quruvchiga topshirgan hokimlik vakillariga berishi kerak. Aks holda, hamma joyda o‘qituvchilarni yana qurilish, obodonlashtirish, daraxt ekishga majburlash kampaniyasi boshlanadi”, — deb yozadi Kusherbayev.

“Nega savol prezident atrofida yurgan, prezidentning joydagi vakillari bo‘lgan, vakolati osmon qadar asosiy aybdorlarga berilmayapti?” — deya savol berdi u.

2023-yil mart oyida prezident o‘qituvchilarni mehnatga majburlaganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlikni belgilovchi va mehnatga noqonuniy aralashganlik uchun jazoni kuchaytiruvchi qonunni imzolagandi. “Endi siz qonun himoyasidasiz”, — degan o‘shanda Prezident administratsiyasi rahbari o‘rinbosari bo‘lib ishlagan Komil Allamjonov.

Avvalroq prezident shu maktabga tashrifi chog‘ida isitishni yaxshilash uchun koridordagi derazalar sonini qisqartirishni taklif qilgandi.