Prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning milliy bayrami — Respublika e’lon qilingan kunning 100 yilligi munosabati bilan ushbu mamlakat prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anga tabrik yo‘lladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.

Maktubda xalqlar o‘rtasidagi umumiy til, urf-odatlar, o‘zaro hurmat va hamjihatlik tamoyillariga asoslangan keng qamrovli strategik sheriklik aloqalari so‘nggi yillarda “sifat jihatidan yuksak bosqichga ko‘tarilib, munosabatlardagi yangi tarixiy davrni boshlab bergani” ta’kidlangan.

“Nasib etsa, siz bilan birgalikda xalqlarimizning umumiy ravnaqini ta’minlash yo‘lida kelishib olgan barcha yirik loyiha va aniq dasturlarni to‘liq amalga oshiramiz hamda ko‘zlagan ulkan marralarimizga albatta erishamiz”, — deyiladi qutlovda.

Shavkat Mirziyoyev Turkiya yetakchisi va oila a’zolariga sihat-salomatlik, farovonlik va baxt-saodat, mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar, qardosh turk xalqiga esa tinchlik-omonlik, bardavom taraqqiyot va yuksalishlar yor bo‘lishini tiladi.

Ma’lumot uchun, Turkiya 1923-yil 29-oktabrda Respublika sifatida e’lon qilingan. Mustafo Kamol Otaturk Turkiya Respublikasining birinchi prezidenti etib saylangan.