Qozog‘istonning Qarag‘anda viloyatidagi Kostenko ko‘mir konida yuz bergan portlash oqibatida kamida 28 nafar konchi halok bo‘ldi, deb xabar berdi mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

28-oktabr kuni ertalab shaxtadagi portlash haqida korxonaga egalik qiluvchi “ArselorMittal Temirtau” (AMT) kompaniyasi matbuot xizmati xabar qilgan.

“Taxminlarga ko‘ra, lavada metan gaz portlashi sodir bo‘lgan”, — deyiladi xabarda.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, hodisa vaqtida yer ostida 252 nafar konchi bo‘lgan, ulardan 206 nafari yer yuzasiga chiqarilgan. Yana 16 kishini qidirish ishlari davom etmoqda, deya aniqlik kiritdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasi tog‘-kon yoki qurilish ishlarini olib borishda xavfsizlik qoidalarini buzish moddasi bo‘yicha sudgacha tergov boshlanganini e’lon qildi.

Hodisadan so‘ng Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Qarag‘anda viloyatiga bordi va u yerda halok bo‘lgan konchilarning yaqinlari bilan uchrashib, hamdardlik bildirdi, deb xabar qildi Akorda.

Davlat rahbari hukumatga “ArselorMittal Temirtau” bilan sarmoyaviy hamkorlikni to‘xtatish bo‘yicha topshiriq berdi. Voqea sabablarini aniqlash uchun hukumat komissiyasi tuzildi.

Toqayev, shuningdek, 29-oktabrni hodisa qurbonlari xotirasiga milliy motam kuni deb e’lon qildi.

Keyinroq “ArselorMittal” kompaniyaga egalik huquqini Qozog‘iston rasmiylariga o‘tkazish bo‘yicha kelishuv yuzasidan dastlabki hujjatlarni imzolaganini tasdiqladi.

  • Bu AMTga qarashli shaxtada so‘nggi ikki oy ichida sodir bo‘lgan ikkinchi avariyadir. Avgust oyida Qozog‘iston konida konveyer tasmasi yonib ketgan, oqibatda besh nafar konchi halok bo‘lgan, yana 13 nafari jarohatlangan edi. oktabr oyi boshida ham yong‘in bartaraf etilmagan edi.
  • Hukumat komissiyasi Qozog‘iston konidagi avariya uchun unga egalik qiluvchi kompaniyani aybdor deb topdi. “Komissiya ishining natijalariga ko‘ra, ish beruvchi 100 foiz aybdor deb topildi, qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan 28 nafar mas’ul aniqlandi”, — dedi Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligining o‘sha paytdagi rahbari Sirim Sharipxanov.

O‘zbekiston prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidentiga Kostenko konida ro‘y bergan portlash oqibatida insonlar halok bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi.

Davlatimiz rahbari kon ichida qolayotgan konchilar tez fursatda qutqarilishiga umid bildirdi, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.