Oliy Majlis Senatining qirq oltinchi yalpi majlisida “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, qonun bilan yo‘l egasining huquq va majburiyatlari, transport vositalari egalarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir majburiyatlari hamda mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan haydovchilarning huquqlari alohida moddalar bilan belgilanmoqda.

Amaldagi “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonuni (2013-yil 10-aprel) qabul qilinganiga 10 yil bo‘ldi. Ushbu qonun mutaxassislar tomonidan tahlil qilinganda unda qayta o‘rganib chiqilishi hamda takomillashtirilishi lozim bo‘lgan normalar mavjudligi aniqlangan.

IIV YHXX boshlig‘i Olim SaidovIIV YHXX boshlig‘i Olim Saidov

Muhokama qilinayotgan qonun 7 ta bob va 58 ta moddadan iborat bo‘lib, unda amaldagi qonundan farqli o‘laroq quyidagilar nazarda tutilmoqda, xususan:

Birinchidan, qonunda “yo‘l” tushunchasiga ta’rif berilib, soha amaliyotidan kelib chiqib, yo‘l harakati sohasidagi asosiy prinsiplar belgilanmoqda. Jumladan, endilikda yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlashda mahalliy aholi va yo‘l harakati ishtirokchilari fikrining inobatga olinishi hamda ekologik xavfsizlik va atrof-muhitni muhofaza qilinishining ustuvorligi yo‘l harakati sohasidagi asosiy prinsiplardan biri bo‘lmoqda.

Ikkinchidan, qonun bilan yo‘l harakati sohasida Vazirlar Mahkamasining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, Transport vazirligi va uning idoraviy tashkilotlarining, Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining, Davlat bojxona qo‘mitasining vakolatlari aniq belgilab qo‘yilmoqda. Natijada, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga nafaqat tor doiradagi mas’ul tashkilotlar balki, boshqa davlat idoralari va keng jamoatchilikning salohiyati safarbar etiladi. Yo‘l harakati sohasida Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining vakolatlari kengaytirilmoqda.

Uchinchidan, qonunda yo‘l harakatini tashkil etishga doir umumiy talablar, xususan yo‘l egasining huquq va majburiyatlari hamda tashqi reklama va axborot obyektlarini joylashtirish bo‘yicha normalar belgilab berilmoqda. Jumladan, yo‘l harakatini tashkil etishga monelik qiluvchi tashqi reklama va axborot obyektlarini joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, yo‘lning ta’mirlash ishlari olib borilayotgan uchastkalarida yo‘l harakatini tashkil etish tartibi ham aniq belgilanmoqda. Xususan, yo‘l uchastkalarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash yoki ta’mirlash bo‘yicha ishlar bajarilayotganda yo‘lning mazkur uchastkalaridagi qatnov qismining ko‘pi bilan 50 foizi o‘tish uchun cheklanishi yoki yopilishi mumkin, ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi to‘g‘risida esa fuqarolar ommaviy axborot vositalari orqali oldindan ogohlantirilishi lozim. Yo‘l uchastkalarida qatnov qismining 50 foizidan ko‘prog‘ini yopish zarur bo‘lgan taqdirda mazkur yo‘l uchastkalarini aylanib o‘tish ta’minlanishi kerak.

To‘rtinchidan, qonunga ko‘ra ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlardato‘xtab turish joylarini qurish — ushbu hududda ekologik xavfsizlikni hamda atrof-muhitga, aholining sog‘lig‘i va osoyishtaligiga salbiy ta’sirni kamaytirishni hisobga olingan holda amalga oshirilishi zarur. To‘xtab turish joylariga bo‘lgan ehtiyojlarni aniqlash uchun mazkur hududda foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatilishi uchun zarur bo‘lgan transport vositalarining soni, shuningdek, ularning kelgusida ko‘paytirilishi inobatga olinadi.

Shu bilan birga, qonunda pulli to‘xtab turish joylariga doir talablar, pulli to‘xtab turish joylari egalarining huquq va majburiyatlari mustahkamlab qo‘yilmoqda. Ushbu normalarda to‘xtab turish joylarida uning kirish yoki undan chiqish joyiga tutash bo‘lgan alohida joylar nogironligi bo‘lgan shaxslar boshqaradigan va ushbu shaxslarni tashiydigan transport vositalari uchun ajratilishini ta’minlanishi shartligi alohida qayd etilmoqda.

Pulli to‘xtab turish joylarining egalari — pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanganlik uchun to‘lov miqdorini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadigan cheklangan miqdorlardan yuqori bo‘lmagan tariflar bo‘yicha mustaqil ravishda belgilashi nazarda tutilmoqda.

Elektr dvigatelda ishlaydigan transport vositalari uchun alohida joylar ajratiladi va bunday joylarda elektr quvvat manbalariga ulanish imkoniyati yaratilishi mumkin.

yo‘l harakati qoidaлари, сенат

Beshinchidan, yo‘l harakati ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari ham qonun bilan aniq belgilab qo‘yilmoqda. Jumladan, yo‘l harakati ishtirokchilarining yo‘llarda harakatlanishning xavfsiz shart-sharoitlariga bo‘lgan huquqlari davlat tomonidan kafolatlanmoqda.

Bundan tashqari, qonunga ko‘ra yo‘l harakati ishtirokchilari — yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lganda qonunchilikka muvofiq zimmasiga bepul tibbiy yordam ko‘rsatish, qutqaruv ishlarini olib borish va boshqa shoshilinch yordam ko‘rsatish majburiyati yuklatilgan tashkilotlar hamda mansabdor shaxslardan shunday yordamlar olish, yo‘l-transport hodisasi natijasida o‘ziga tan jarohatlari yetkazilgan, transport vositasi va yuk shikastlangan hollarda, qonunchilikda belgilangan tartibda zararning o‘rni qoplanishi, shuningdek, ma’naviy zarar kompensatsiya qilinishi, yo‘l belgilarini, chiziqlarini, svetoforlarni o‘zgartirish va o‘rnatish yuzasidan, yo‘l qoplamasining holati haqidagi takliflar hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalalariga doir boshqa takliflar bilan tegishli organlarga murojaat etish huquqiga ega.

“Yo‘llardagi tirbandliklar borgan sari kundalik holga aylanib bormoqda. Afsuski, deyarli har kuni mudhish yo‘l-transport hodisalari haqida xabar topayapmiz. Eng achinarlisi, bunda insonlar, ayniqsa bolalar nobud bo‘lyapti. Shulardan kelib chiqsak, bu kabi qonunlar zaruratini hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Mazkur yangi Qonunda nihoyatda muhim normalar, qoida va talablar aks ettirilgan. Sohaning ilmiylik, ochiqlik va oshkoralik, ekologik xavfsizlikning ustuvorligi kabi yangi prinsiplari mustahkamlab qo‘yilmoqda. Muhimi, sohada samarali jamoatchilik nazorati ta’minlanishi nazarda tutilmoqda”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.