27-oktabr kuni “ICTWEEK UZBEKISTAN — 2023” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida O‘zbekiston Respublikasi mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini ko‘chirish xizmati (MNP) ishga tushirildi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar qildi.

Xizmatning qulayligi shundaki, endilikda abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi mumkin.

Bu jarayonda mobil aloqa abonentlariga ular boshqa operatorga ko‘chganda o‘z abonent raqamini saqlab qolish imkoniyati taqdim etiladi. Bu raqam yo‘qotilishining oldini oladi hamda aloqa operatorlari tomonidan raqam resurslaridan yanada oqilona foydalanilishiga xizmat qiladi.

Dastlabki bosqichda jismoniy shaxslar o‘zi o‘tishni xohlagan mobil aloqa operatori ofisiga tashrif buyurgan holda murojaat etadi hamda mobil raqami ko‘chirilgan yangi sim kartani olib ketadi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda Beeline, Mobi.uz, Ucell, UZTELECOM, Humans kabi 5 ta mobil aloqa operatori faoliyat ko‘rsatadi. Ular tomonidan mijozlarga mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda. Agar xizmatdan foydalanib, mobil aloqa operatori o‘zgartirilsa, ko‘chirilgan raqamlar o‘z shaklini va ko‘rinishini saqlab qoladi.

O‘zbekiston prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi [PF-6079-son] farmoniga muvofiq “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUKga ko‘chib o‘tgan raqamlarni yig‘ish, saqlash, qayta ishlash to‘g‘risidagi ma’lumotlarning markazlashtirilgan bazasini shakllantirish va ishlashini ta’minlash vazifalari yuklan edi. O‘tgan vaqt davomida “O‘zTTBRM” DUK tomonidan belgilangan barcha tashkiliy ishlar to‘liq amalga oshirilishi natijasida yuqorida ta’kidlangan xizmat yo‘lga qo‘yildi.