27-oktabrdan boshlab O‘zbekistonda mobil aloqa tarmoqlarida abonent raqamini ko‘chirish xizmati (MNP) ishga tushirildi. Ya’ni, endi abonentlar mobil aloqa operatorlarining xizmat ko‘rsatish sifatiga qarab istalgan kompaniyani tanlashi mumkin. Bu jarayonda abonentlar o‘z raqamini saqlab qoladi.

Xizmat hozirda faqat GSM mobil operatorlari — Beeline, Mobi.uz, Ucell, Uzmobile, Humans abonentlari tomonidan taqdim etiladi. “Gazeta.uz” mazkur jarayon haqidagi muhim savollarga javoblarni to‘pladi.

Kompaniyani o‘zgartirish qanday amalga oshiriladi?

1-bosqich.

Agarda, telefon raqamingizni boshqa kompaniyaga ulashni maqsad qilgan bo‘lsangiz, yangi kompaniya ofisiga murojaat qilasiz. Misol uchun, aytaylik siz hozir A1 kompaniya abonentisiz, va uning xizmati sifatidan qoniqish hosil qilmaganingiz uchun B1 kompaniyaga o‘tmoqchisiz. Buning uchun to‘g‘ri B1 kompaniya ofisiga tashrif buyurasiz.

U yerda abonent raqamini ko‘chirish uchun ariza topshirasiz. Arizani to‘ldirish uchun esa raqamni qaysi shaxsni tasdiqlovchi hujjatga rasmiylashtirgan bo‘lsangiz, o‘sha hujjat (pasport, ID-karta, haydovchilik guvohnomasi, harbiy guvohnoma) yoningizda bo‘lishi lozim.

Ayni paytda raqamni onlayn (uy yoki ofisdan turib) o‘zgartirishning imkon yo‘q.

2-bosqich.

Ariza berilgan vaqtdan boshlab, agar barcha shartlar bajarilgan bo‘lsa, raqamni ko‘chirish jarayoni 10 daqiqagacha davom etadi. Tasdiq javobi olganingizdan so‘ng xizmat uchun to‘lovni amalga oshirishingiz zarur. Xizmat muvaffaqiyatli faollashtirilgandan so‘ng hisobdan yechib olinadi.

Xizmat narxini — kompaniyalarning o‘zi belgilaydi. Hozirda mazkur xizmat uchun aksariyat operatorlarda 60 ming so‘m to‘lov belgilanlan.

E’tibor bering: Operatorni o‘zgartirganda balansdagi qoldiq mablag‘ni o‘tkazish imkoni mavjud emas. Agar hisobda mablag‘ mavjud bo‘lsa va uni qaytarib olishni istasangiz, kompaniya xodimiga ma’lum qilishingiz lozim.

3-bosqich.

Xizmat faollashtirilgandan so‘ng raqam ulangani haqida SMS-xabarnoma keladi. Shundan so‘ng, sizga yangi SIM-karta beriladi.

Ba’zi hollarda raqamni ko‘chirishning imkoni bo‘lmasligi mumkin. Bularga quyidagilar sabab bo‘ladi:

  • shaxsiy ma’lumotlar kompaniya ma’lumotlar bazasida saqlangan ma’lumotlarga mos kelmasa;
  • abonentda qarzdorlik bo‘lsa;
  • raqam ma’lum bir shartlar asosida (chiroyli raqam) va to‘liq to‘lanmagan yoki ijara/muddatli to‘lovga xarid qilingan bo‘lsa;
  • majburiy tarif shartlari bajarilmagan bo‘lsa (ba’zi tariflarda majburiy foydalanish muddati bo‘lishi mumkin, bu muddat tugamaguncha raqam ko‘chirish amalga oshirilmaydi).

Raqamni har 30 kunda faqat bir marta ko‘chirish mumkin. Ushbu muddat tugagandan so‘ng, siz raqamni ko‘chirish uchun qayta murojaat qila olasiz.

“Gazeta.uz” bilan suhbatda Raqamli rivojlanish vazirligi matbuot kotibi Sherzod Axmatov kompaniya o‘zgarganda, raqamga ulangan bank kartalari va mobil ilovalar taqdiriga ham to‘xtalib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mobil kompaniya almashtirilganda raqamning bank kartalari va ilovalariga ulanishi to‘liq bekor qilinadi. Shuning uchun abonent bankomat orqali telefon raqamini kartalarga qayta ulashi zarur bo‘ladi. Bunday holda, to‘lov ilovalaridagi ma’lumotlar SMS-xabar beruvchi raqamni qayta ulagandan so‘ng tiklanadi, ammo bundan oldin siz bankingizga murojaat qilishingiz va ushbu imkoniyat mavjudligini tekshirishingiz kerak.