Qozog‘iston Milliy banki mamlakat norezidentlariga bank kartalarini chiqarish qoidalarini qat’iylashtirishni taklif qiluvchi qaror loyihasini tayyorladi. Hujjat “Ochiq normativ-huquqiy hujjatlar” portalida e’lon qilindi.

Taklif etilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga Qozog‘istonda vaqtinchalik propiska yoki doimiy propiskaga ega bo‘lgan taqdirdagina to‘lov kartasini rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.

To‘lov kartasi faqatgina “talabgorning shaxsan ishtirokida va Qozog‘iston hududida bo‘lishning haqiqiyligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida” beriladi. Bunday hujjatlarga mehnat shartnomasi, ta’lim shartnomasi va yashash uchun ruxsatnoma kiradi.

Milliy bank bunday choralar “ushbu shaxslarning noqonuniy operatsiyalarni, jumladan, giyohvand moddalar savdosi va qimor o‘yinlarini amalga oshirishi uchun to‘lov kartalarini chiqarish xavfini minimallashtirish” uchun zarurligini ta’kidladi.

Tengrinews nashriga bergan izohida moliyaviy regulyator huquqni muhofaza qiluvchi idoralar ma’lumotlariga tayanib, to‘lov kartalari “qayta sotish va giyohvandlik vositalarini tarqatish bilan bog‘liq bo‘lgan noqonuniy aylanmalarga xizmat ko‘rsatish uchun „drop-kartalar“ sifatida qo‘llanilishini” tushuntirdi.

Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishi hamda Visa va Mastercard to‘lov tizimlari Rossiya bozoridan chiqib ketganidan so‘ng Qozog‘iston Rossiya fuqarolari orasida “karta turizmi”ning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Qozog‘istonda rossiyaliklar ishonchli shaxs yordamida shaxsan yoki masofadan turib xalqaro bank kartalarini ochishlari mumkin edi.

Avvalroq Qozog‘iston xorijliklarning mamlakatga kirishi va bo‘lishi qoidalarini kuchaytirgan edi. Yanvar oyidan boshlab Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOI) mamlakatlari fuqarolariga har 180 kunlik muddat davomida 90 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga mamlakatda vizasiz qolishga ruxsat berildi.

O‘tgan yilning sentabr oyida O‘zbekistondagi qator banklar xorijliklar uchun bank kartalarini rasmiylashtirish shartlarini kuchaytirgan edi. Norezidentlarga qo‘yiladigan talablar mamlakatda doimiy ravishda 15 kun qolish, talabalik maqomi yoki rasmiy ishga joylashishni o‘z ichiga oladi.