25-oktabr kuni Bryusselda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov va Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari Valdis Dombrovskis “O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi, ayniqsa, iqtisodiy yo‘nalishda tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorlikning keng kun tartibi” muhokama qildi, deya xabar berildi TIV rahbarining Telegram-kanalida.

“O‘zaro savdoni yanada rivojlantirish, Yevropa bozoriga eksport ko‘rsatkichlarini oshirish, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlash, muhim xomashyolar bo‘yicha hamkorlik qilish muhokamamizning asosiy mavzularidan bo‘ldi”, — deyiladi xabarda.

Tomonlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligida loyiha amalga oshirish bo‘yicha moliyaviy bitim ham imzoladi.

Ushbu uchrashuvdan so‘ng Yevropa Ittifoqining Global Gateway tashabbuslar saytida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi xomashyo sohasida sheriklik bo‘yicha strategik ittifoq tuzayotgani xabar qilindi. Tomonlar muhim xomashyo (CRM) sohasida anglashuv memorandumi ustida ishlashga kelishib oldi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Muhim xomashyo klubi (CRM Club)ga a’zo bo‘lishini tasdiqladi.

Muhim xomashyolar Yevropa Ittifoqi uchun katta iqtisodiy ahamiyatga ega, biroq konlarning to‘yinganlik darajasi (konsentratsiyasi) va muqobil o‘rinbosarlari yo‘qligi sababli ularni yetkazib berishda uzilishlar xavfi yuqori bo‘lgan foydali qazilmalar.

Bu xom ashyolarga 34 turdagi metallar, minerallar va boshqa tabiiy materiallar kiradi, ulardan 17 tasi: mis, litiy, alyuminiy, titan, platina, grafit, nikel, kobalt va boshqalar strategik ahamiyatga ega.

Mart oyida Yevropa Komissiyasi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun Ittifoqni keng ko‘lamli iqtisodiy tarmoqlar, jumladan, iqlimga bezarar sanoat, raqamli texnologiyalar, aerokosmik va mudofaa uchun zarur bo‘lgan muhim xomashyo bilan ta’minlash strategiyasini taklif qildi.

Global Gateway xabarida O‘zbekistonda kumush, titan va litiy kabi turli xomashyolarning katta zaxiralari mavjudligi qayd etilgan. Bundan tashqari, mamlakat uran yetkazib berish bo‘yicha dunyoda beshinchi, tasdiqlangan mis zaxiralari bo‘yicha dunyoda o‘n birinchi o‘rinda turadi. “Bu [O‘zbekistonni] muhim xomashyo bo‘yicha jahon bozorida muhim o‘yinchiga aylantiradi”, — deyiladi xabarda.

“Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida ehtimoliy strategik sheriklik jarayonini ochib beruvchi YeI va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi e’lonni olqishlayman. O‘zbekiston, shuningdek, CRM Club — avvalroq, joriy yilda ishga tushirilgan tashabbusga ham qo‘shiladi. Hamkorligimizni kengaytirish yashil va raqamli texnologiyalarga o‘tish uchun zarur bo‘lgan ekologik toza xomashyo bilan ta’minlash bo‘yicha global muammolarni hal qilishga yordam beradi”, — dedi Valdis Dombrovskis.

“Biz [O‘zbekiston bilan] rivojlanayotgan tarmoqlar uchun barqaror va xavfsiz ta’minot zanjirini ta’minlashga yordam beradigan yaqin hamkorlikni olqishlashdan juda mamnunmiz. Global Gateway — o‘zaro manfaatli hamkorlik taklifi: biz mahalliy darajada yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish va o‘zbek xalqiga foyda keltirmoqchimiz. Oxir oqibat muhim xomashyo bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishiga olib keladigan samarali munozaralarni kutib qolaman”, — dedi xalqaro hamkorlik bo‘yicha Yevropa komissari Yutta Urpilaynen.

“Bugun biz muhim ikki tomonlama hujjat — muhim xomashyo sohasida strategik hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumi bo‘yicha muzokaralarni boshlaymiz. Ishonchim komilki, bunday hujjatning kelajakda imzolanishi O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydi. Muhim xomashyo sohasida strategik sheriklik hamkorligimizning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biridir”, — dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov.