O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 26-oktabr kuni Bishkekda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida nutq so‘zladi.

U o‘z nutqida yuqori texnologiyalarni rivojlantirish maqsadida yangi iqtisodiy muloqot dasturini qabul qilishni taklif etdi.

O‘zbekiston hukumati rahbari ushbu dastur innovatsion rivojlanish, raqamlashtirish va robotlashtirish, sun’iy intellekt, biotexnologiya, farmatsevtika va boshqa istiqboldagi sohalarni qamrab olishi kerakligiga aniqlik kiritdi.

“Bu sohalarda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida 2024-yilda O‘zbekistonda SHHTga a’zo davlatlar mintaqalarining innovatsion sheriklik haftaligini o‘tkazish, unda yuqori texnologiyalar qo‘shma ko‘rgazmasini tashkil etishni rejalashtirganmiz”, — deya qo‘shimcha qildi Abdulla Aripov.

Mintaqa davlatlarining o‘zaro kommunikatsiya aloqadorligi ham SHHT rivojida muhim omil bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. O‘zbekiston hukumati rahbari bugungi kunda “Shimol-Janub” va “Sharq-G‘arbiy” avtomobil yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha strategik loyihalar faol ilgari surilayotganini eslatdi.

“Shu munosabat bilan „Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston“ temir yo‘li qurilishi loyihasi bo‘yicha amaliy ishlarning boshlanishi alohida ahamiyatga ega. Biz ushbu yo‘nalish bo‘ylab, shuningdek, Afg‘oniston orqali Eron va Pokiston portlari tomon Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq bozorlariga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lgan multimodal yuk tashish tarafdorimiz”, — deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston bosh vaziri.

U, shuningdek, SHHT mamlakatlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish tizimidagi uzilishlar sharoitida tashkilot hududida oziq-ovqat mahsulotlari harakatining soddalashtirilgan mexanizmlarini ta’minlashi kerakligi haqidagi fikrni ilgari surdi.

O‘zbekiston bosh vaziri oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bugungi kunda nihoyatda dolzarb ekanini ta’kidladi. Xususan, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish zanjirida uzilishlarga olib keldi, bu esa narxlarning oshishiga ta’sir ko‘rsatmoqda.

Abdulla Aripov ushbu muammolar sentabr oyi boshida Samarqandda SHHT vakillari ishtirok etgan oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiyada ham muhokama qilinganini eslatdi.

“Anjumanda aqlli qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va suvni tejash orqali hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi”, — deya qo‘shimcha qildi Aripov.

Bundan tashqari, O‘zbekiston bosh vaziri SHHT davlatlarini qulay mintaqaviy turizm mahsulotlarini rivojlantirishga taklif etdi. SHHT davlatlarining turizm ma’muriyatlari, yetakchi operatorlari va aviakompaniyalari, shuningdek, turizm sohasidagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.