AQShning Men shtatidagi Lyuiston shahrida sodir bo‘lgan ommaviy otishmada kamida 22 kishi halok bo‘ldi, 50 dan ortiq kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda CNN.

Huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, otishma ikki joyda — Schemengees bari va Sparetime Recreation bouling maydonida sodir bo‘lgan. Mahalliy aholi uylarda qolishga chaqirildi, maktablarda darslar bekor qilindi.

O‘t ochgan shaxs 40 yoshli Robert Kard ekanligi aniqlandi. Politsiya gumonlanuvchini izlashda davom etmoqda, uning qurolli va o‘ta xavfli ekanligi haqida ogohlantirmoqda.

Washington Post nashriga ko‘ra, Kard — zaxiradagi askar, 2023-yil avvalida ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar bilan kurashgan va yozda ikki hafta ruhiy kasalxonada bo‘lgan.

Oq uyning bildirishicha, AQSh prezidenti Jo Bayden voqea yuzasidan xabardor qilingan va u tezkor ma’lumot olishda davom etadi.

  • Lyuiston, Men shtatidagi ikkinchi eng zich shahar. U shtatning eng yirik shahri Portlenddan 58 kilometr uzoqlikda joylashgan.
  • Gun Violence Archive notijorat tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Lyuistondagi otishma 2023-yilda Qo‘shma Shtatlardagi 565-ommaviy otishma va 31-ommaviy qotillik bo‘ldi.