O‘zbekiston Markaziy banki tashqi savdo hamkorlardagi iqtisodiy vaziyat, xomashyo va moliya bozorlarida kelgusida ham yuqori noaniqliklar saqlanib qolishini, shuningdek, tarkibiy islohotlarning amalga oshirilish sur’atlarini inobatga olib 2 ta ssenariy asosida keyingi yillarda makroiqtisodiy rivojlanish yo‘nalishlarini ishlab chiqdi. 5 foizlik inflyatsion targetga erishish davri asosiy ssenariyda 2025-yilning ikkinchi yarmiga, muqobil ssenariyda 2026-yil yakuniga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.

Regulyator makroiqtisodiy rivojlanishning barcha ssenariylarida Markaziy bankning asosiy maqsadi narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashga qaratilishini ta’kidlagan.

Kelgusi yillarda tashqi iqtisodiy sharoitlarda joriy vaziyatning keskin o‘zgarishlarsiz rivojlanishi va tarkibiy islohotlarning faol davom ettirilishi asosiy ssenariy shartlari etib belgilangan bo‘lsa, noaniqliklarning yanada kuchayishi va tashqi sharoitlarda xatarli shoklarning yuzaga kelishi muqobil ssenariy shartlari sifatida qayd etilgan.

Asosiy ssenariy

Asosiy ssenariyni ishlab chiqishda keyingi yillarda makroiqtisodiy to‘g‘rilanishlarning amalga oshirilishi, ya’ni energiya, transport hamda qishloq va suv xo‘jaligidagi tarkibiy islohotlarni faol fazaga ko‘chishi va ayrimlarining mantiqiy yakuniga yetkazilishi, fiskal konsolidatsiya boshlanib umumiy fiskal defitsit hajmi 2023-yilgi ko‘rsatkichlardan qisqartirib borilishi, iqtisodiyotda davlat ulushining kamayishi, islohotlar natijasida xususiy investitsiyalar va eksport hajmining yuqori sur’atlarda o‘sib borishi kabi qarashlarga tayanilgan.

Bu ssenariy doirasida yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2022−2023-yillarda yuzaga kelgan tashqi vaziyatdagi o‘zgarishlarning taklif omillariga bo‘lgan bosimi uzoqroq saqlanib qolayotganligini hamda ayrim tartibga solinadigan narxlar to‘g‘rilanishining umumiy inflyatsiyaga bo‘lgan ta’sirlarini inobatga olib, inflyatsiyaning doimiy 5 foizlik targetiga erishish davri 2025-yilning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha asoslarni yuzaga keltirmoqda.

“Ayni paytda, ushbu qaror doimiy 5 foizlik targetni o‘zgartirilganligini anglatmaydi, balki ushbu targetga erishish davrining uzaytirilganligini bildiradi”, — deyiladi regulyator bayonotida.

Targetga erishish davrining uzayishi, bir tomondan iqtisodiyotdagi yalpi taklifning ichki iste’mol talabini yetarli darajada qondirishda kechikayotgani bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, yalpi talabni tiyib turishga qaratilgan keskin choralar ko‘rilgan taqdirda iqtisodiy faollik va moliyaviy barqarorlikka jiddiy xatarlar tug‘dirishi mumkinligi bilan bog‘liq ekani aytilgan.

Makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysi doirasida 2024-yilda inflyatsiya darajasi 8−9 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Inflyatsiyaning mazkur darajada bo‘lishini ta’minlash uchun pul-kredit sharoitlari 2024-yilda ham nisbatan qat’iy fazada saqlab qolinadi.

Markaziy bank 2024-yilda tartibga solinadigan narxlarning to‘g‘rilanish darajasidan kelib chiqib inflyatsiyaning prognozi qayta yangilanishi va mos ravishda pul-kredit sharoitlariga o‘zgartirish kiritilishi mumkinligini qayd etgan. Makroiqtisodiy to‘g‘rilanishlar va tarkibiy islohotlar amalga oshirilayotgan davrda umumiy inflyatsiyaga qisqa muddatli oshiruvchi ta’sirlar sezilarli bo‘lishini inobatga olib, kelgusi yilda pul-kredit sohasidagi qarorlar ustuvor ravishda bazaviy inflyatsiyani pasaytirishga qaratiladi.

Kutilayotgan o‘zgarishlar inflyatsion kutilmalarga keskin ta’sir ko‘rsatgan taqdirda, pul-kredit sharoitlari o‘zgartiriladi hamda keng jamoatchilik bilan kommunikatsiya yanada faollashtirilib, har bir chora tushuntirib boriladi. Pul-kredit siyosati ta’sirchanligini oshirishda bank tizimida dollarlashuv darajasini pasaytirish, imtiyozli kreditlash amaliyotini qisqartirish va bozor tamoyillari asosida shakllanuvchi foiz stavkalariga o‘tish borasida choralar davom ettiriladi.

Regulyator asosiy ssenariy doirasida 2024-yilda yalpi ichki mahsulotning real o‘sishi prognozi 5−5,7 foiz bo‘lishini, 2025-yilda 5−6 foiz va 2026-yilda 5,5−6,5 foiz atrofida shakllanishini prognoz qilgan.

Bunda, xususiy sektorning investitsion va ishlab chiqarish salohiyatini oshib borishi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar hamda eksportning yuqori sur’atlarda o‘sishi iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlovchi omillar bo‘lishi kutilmoqda.

Muqobil ssenariy

Muqobil ssenariy doirasida, asosiy ssenariydan farqli ravishda, tashqi sharoitlarning birmuncha noqulay shakllanishi ichki narxlarga qo‘shimcha bosim yaratishini inobatga olib, 2024-yilda inflyatsiya darajasi 9−10 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bunda doimiy targetga erishish davri yanada uzoqroq davrga kechikib, 2025-yilda inflyatsiya 7−8 foiz atrofida bo‘lishi va 2026-yil yakuniga kelib 5 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

Mazkur ssenariy doirasida iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omil fiskal rag‘batlantirishlar bo‘ladi.

Bunda, o‘rta muddatli istiqbolda YAIM real o‘sishi bazaviy ssenariyda keltirilgan prognozlarga nisbatan 1,5−2 foiz bandga pastroq bo‘lishi mumkin. Muqobil ssenariy shartlari yuzaga kelganda pul-kredit sharoitlarini yanada qat’iylashtirish choralari ko‘riladi.

Moliyaviy barqarorlikni ta’minlash maqsadida makroprudensial choralardan ham keng foydalanib boriladi. Kelgusi yillarda institutsional jihatdan rivojlanish quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi. Xususan:

  • pul-kredit siyosati operatsion mexanizmini rivojlantirish borasida 2025-yildan boshlab asosiy stavkaning shartli prognozini e’lon qilish va bozor ishtirokchilari bilan muhokama qilish masalasi atroflicha o‘rganiladi;
  • pul bozorida ta’minlangan repo operatsiyalar hajmini kengaytirish va pulning turli davrlardagi narxlari asosida daromadlar egri chizig‘ini shakllantirish choralari ko‘riladi;
  • “overnayt foiz stavka svoplari” amaliyoti joriy etilib, ular asosida daromadlik egri chizig‘i shakllantiriladi;
  • makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimini yanada takomillashtirishda mashinali o‘qitish va onlayn kuzatuvlar natijalari asosida ye-cpi prognozlari ishlab chiqiladi;
  • inflyatsion kutilmalar hamda iste’mol va biznes kayfiyatini o‘rganishning qamrov usullari takomillashtiriladi;
  • iqtisodiy o‘sish va inflyatsiya prognozida qo‘llaniladigan modellar qatori kengaytiriladi;
  • pul-kredit siyosati borasidagi kommunikatsiya aloqalari rivojlantirishda maqsadli target auditoriyalarining qiziqish va ehtiyojlariga mos keluvchi kommunikatsiya instrumentlari takomillashtiriladi;
  • ko‘p qatlamli (multi layer) kommunikatsiyani rivojlantirish yo‘nalishlari ishlab chiqiladi;
  • kommunikatsiya intizomi qoidalari joriy qilinadi va amal qilishini ta’minlanadi.

“Pul-kredit siyosatining 2024-yil va 2025−2026-yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari”ning konseptual jihatdan ma’qullangan dastlabki loyihasi Markaziy bank rasmiy sahifalarida e’lon qilinib, keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi.

O‘zbekiston Markaziy banki 2020-yildan boshlab inflyatsion targetlashga o‘ta boshladi. Doimiy inflyatsiya maqsadi — 5 foizga 2023-yilga kelib erishilishi belgilandi. 2022-yil 22-iyulda esa regulyator 5 foizlik targetga maqsadiga erishish muddatini 2024-yil oxirigacha qoldirgandi.

Ma’lumot o‘rnida, pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari kelgusi yillarda tashqi va ichki sharoitlardagi o‘zgarishlarga nisbatan javob choralari, operatsion mexanizmni rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar va iqtisodiyotdagi o‘zaro bog‘liqliklar borasidagi tadqiqotlarni o‘z ichiga olib, umuman olganda, joriy va kutilayotgan makroiqtisodiy vaziyat bo‘yicha Markaziy bank qarashlarini ifodalaydi.

Inflyatsion targetlash — davlat organlari tomonidan mamlakatda inflyatsiya darajasini nazorat qilish maqsadida amalga oshiriladigan monetar choralar kompleksi hisoblanadi. Buning uchun o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognoz, keyin esa prognozdan chetga chiqish kuzatilsa, iqtisodiyotdagi optimal holatga qaytish imkonini beruvchi chora-tadbirlar belgilanishi kerak.