O‘zbekiston Markaziy banki kreditlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘liq oshkor etmagani uchun 16 ta tijorat bankiga nisbatan jarimalar belgiladi. Yana 5 ta bank ogohlantirish oldi, deb xabar qildi regulyator matbuot xizmati.

Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tomonidan avgust-sentabr oylarida tijorat banklari muassasalarida nazorat tadbirlari o‘tkazildi.

Ma’lum bo‘lishicha, ayrim banklar kreditlar va omonatlarga oid ma’lumotlarni to‘liq oshkor etmagan, bank kartalari orqali xizmatlar ko‘rsatish ham “to‘liq yo‘lga qo‘yilmagan”.

“Gazeta.uz” Markaziy bankdan gap qaysi banklar haqida ketayotganiga oydinlik kiritishni so‘radi, biroq regulyator ularning nomini oshkor etmadi.