Iqtisodchi, Parij siyosiy tadqiqotlar instituti provosti va professori Sergey Guriyev YouTube’dagi “Hoshimov iqtisodiyoti” kanaliga o‘zining hammuallifligidagi “Spin Dictators” (“Manipulyativ diktatorlar”) kitobi va undagi mavzular yuzasidan intervyu berdi. Kitobda diktatorlarning zamonaviy — chalg‘ituvchi, yolg‘onga tayanuvchi yangi turi tahlil qilinadi. “Gazeta.uz” avvalroq intervyuning manipulyativ diktatorlarning o‘tmishdagi diktatorlardan farqiga bag‘ishlangan bir qismini matn ko‘rinishiga keltirgandi. Quyida intervyudan olingan navbatdagi mantiqiy bo‘lak bilan tanishish mumkin.

Sergey Guriyev — rossiyalik iqtisodchi-olim. Iqtisodiyot fanlari doktori, Parij siyosiy tadqiqotlar instituti (Sciences Po) provosti. Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq bosh iqtisodchisi (2015−2019). “Manipulyativ diktatorlar” kitobi 2022-yilda chop etilgan bo‘lib, Sergey Guriyev mazkur asarni Deniyel Treysman bilan hammualliflikda yozgan.

Behzod Hoshimov — o‘zbekistonlik iqtisodchi va jamoat faoli. “Iqtisodchi kundaligi” blogi, YouTube’dagi “Hoshimov's Economics (Hoshimov Iqtisodiyoti)” videoblogi muallifi. U Daron Ajemo‘g‘li va Jeyms Robinsonning “Mamlakatlar tanazzuli sabablari: Qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari” kitobining o‘zbekcha tarjimasiga muharrilik qilgan.

— Shunday qiyin dilemma mavjud: bir tomondan, manipulyativ diktatorlar ham diktator, ularni demokratlar qatoriga qo‘shib bo‘lmaydi, deb aytish va ular bilan shunga yarasha muomala qilish kerak. Bu degani — G‘arb endi ular bilan hozirgi iqtisodiy, institutsional aloqalarni qo‘llab-quvvatlamasligi kerak. U holda iqtisodiy o‘sishga putur yetadi. Boshqa tomondan, G‘arb ular bilan ishlasa iqtisodiy o‘sishga erishiladi, iqtisodiy o‘sish esa manipulyativ diktaturalarda yashayotgan odamlar hayotining farovonlashishi hisoblanadi. Masalan, Xitoy JSTga qabul qilinganidan keyin 100 millionlab xitoyliklar, qaysidir ma’noda, ochlikdan xalos bo‘lgandi, ularning hayoti yaxshilangandi. Lekin, ayni vaqtda, bu Xitoydagi rejimni ham mustahkamladi. Bunday vaziyatda G‘arb elitasi qanday fikrlashi lozim?

— Bu rostdan ham qiyin masala. Biz bunday vaziyatda hamkorlik qilish kerakligini aytamiz, lekin ayni vaqtda bu mamlakatning prezidentlik kursisida o‘tirgan odam G‘arbning do‘sti emasligini ham hisobga olish kerakligini ta’kidlaymiz. Uning maqsadi hokimiyatni imkon qadar o‘zida ko‘proq saqlab qolish, shuningdek, G‘arbdagi demokratik institutlarni ham pora, trolling, saylovlariga aralashish kabi vositalar bilan zaiflashtirish hisoblanadi.

Shuning uchun biz bunday mamlakatlarning barchasida fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson kapitalini oshirish, ta’limni yaxshilash uchun imkoniyatlar mavjudligini ta’kidlaymiz. Mana shunday sog‘lom elementlar yuzasidan hamkorlik qilsa bo‘ladi. Bu mamlakat qanday tuzilganini anglash masalasiga katta investitsiya qilishni talab etadi.

Siz bunday mamlakat tadbirkori bilan savdo yoki hamkorlik qilayotganingizda bu biznesmen rejimning xizmatkori yoki qurboni ekanini, boyligini rejim sababli topgani yoki rejimga aloqasi bo‘lmagan yo‘l bilan topganini, qanchalik raqobatbardosh va ochiq sharoitlarda faoliyat yuritganini bilishingiz lozim. Bu, albatta, oson emas. Bu haqda o‘ylash kerak. G‘arb buning ustida avvalgiga qaraganda ko‘proq ishlamoqda, lekin avvalgidek xatolar ham qilmoqda. Ba’zida sanksiyalardan rejimga aloqasi bo‘lmaganlar jabr ko‘rmoqda.

— Manipulyativ diktatorlar qanday paydo bo‘ladi? Ular sizga hokimiyatni tiyib turuvchi bo‘g‘inlarni sindira olgan opportunistlar bo‘lib ko‘rinadimi? Yoki birinchi kundan rejimni zaiflashtirishni rejalashtirgan odamlar bo‘lib ko‘rinadimi? Bunda shaxslarning tarixiy o‘rni qay darajada? Masalan, men Tramp AQShdan boshqa mamlakatda bo‘lganida tiyib turuvchi bo‘g‘inlarni sindira olgan bo‘lardi, deb o‘ylayman.

— Biz bunday odamlar — manipulyativ diktator bo‘lishni istagan, lekin bo‘lolmagan Tramp va Berluskoni kabi insonlar haqida ham kitobda yozganmiz. Lekin bu voqeaning yakuni emas, Tramp hali ham Oq uyga qaytish niyatida va, afsuski, hamma narsa bo‘lishi mumkin.

Masalan, Viktor Orban o‘zining birinchi bosh vazirligi vaqtida hech qanday shubhali ishlar qilmagandi. Ammo ikkinchi muddatda u barcha tiyib turuvchi bo‘g‘inlarni yo‘q qildi va hozir Vengriya ko‘plab siyosatchilar tomonidan nodemokratik mamlakat sifatida ko‘riladi. Biz ham uni manipulyativ diktatura deb hisoblaymiz. Ҳақиқатан ham ko‘plab yetakchilar demokratiyani manipulyativ diktaturaga aylantirishni istaydi.

Ba’zida manipulyativ diktatura teskari yo‘nalishda yuzaga keladi. Sizda qo‘rquv diktaturasi bo‘lsa, qo‘rquv diktatori o‘ladi va uning vorislari hamda atrofida bo‘lganlar “biz avvalgidek boshqara olmaymiz, biz global dunyoning bir qismi bo‘lishni istaymiz”, deydi va investitsiyalarni jalb qiladi. Bu orqali o‘z xalqi orasida ko‘proq mashhurlikka erishadi va, mos ravishda, qo‘rquv diktaturasini emas, manipulyativ diktaturani quradi. G‘arbga “biz endi boshqachamiz, bizdan sanksiyalarni olib tashlang, biz siz bilan urush emas, savdo qilmoqchimiz, biz barcha siyosiy mahbuslarni qo‘yib yuboramiz, qamoqda qolayotganlar esa faqat siyosiy bo‘lmagan sabablar tufayli o‘sha yerda”, deydi.

Bu argument ham yashashga haqli, chunki kuchli diktaturadan keyin hokimiyatga ko‘pincha o‘zini demokratiyadek qilib ko‘rsatuvchi yumshoqroq diktatura keladi.