Taxtaqoracha dovonida tunnel quriladi. Bu haqda 25 oktbyar kuni Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Davlat rahbari mutasaddilarga ushbu dovondan o‘tish talablarini yengillashtirishni topshirarkan, 2024-yilda mazkur dovonda yangi tunnel va yo‘l qurish loyihasi boshlanishini ma’lum qildi.

Avgust oyida Turkiyaning Cengiz Holding kompaniyasi Taxtaqoracha dovoni orqali uzunligi 7 km bo‘lgan tunnel qurishni rejalashtirgani haqida xabar berilgandi. Loyiha qiymati 200 mln dollarga baholangan, obyektni 30 yilga xususiy sheriklikka berish ko‘zlangan.

Yig‘ilishda, shuningdek, xitoylik investorlar bilan birga Samarqand bilan Shahrisabzni bog‘lovchi 30 kilometr yo‘lni ta’mirlash ishlari boshlanishi qayd etildi. G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu yo‘lining Qashqadaryodan o‘tgan 100 kilometr qismini ta’mirlashga 122,5 million dollar jalb qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning oktbyar oyida prezidentdan viloyatning turizm salohiyatini oshirish maqsadida “Sahrodan muzlikkacha” turistik magistralini qurish doirasida Shahrisabzni Samarqand bilan bog‘laydigan, Chiroqchi tumani hududidan o‘tuvchi 30 kilometrlik 4K342 avtomobil yo‘li ta’mirlanishi bo‘yicha amaliy yordam so‘ralgandi.