Shavkat Mirziyoyev 24-oktabr kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrifi doirasida Sulton Tex Group klasteriga qarashli tikuvchilik korxonasi bilan tanishdi.

Bu korxona umumiy qiymati 8,2 mln dollarlik loyiha evaziga 2022-yilda ishga tushgan. Yiliga 5 million dona tikuv-trikotaj mahsulotlari tayyorlash quvvati yaratilgan.

Ma’lum qilinishicha, klaster “yangi mahsulot, yangi davlat” tamoyili asosida eksportni yo‘lga qo‘ygan. Bugungi kunda mahsulotlar AQSh, Kanada, Polsha, Singapur va Rossiyaga yetkazib berilmoqda, buning natijasida yuqori daromad va mehnat unumdorligiga erishilmoqda. Paxta yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan butun klaster tarmog‘ida 3000 ga yaqin kishi ishlaydi.

Prezident bunday loyihalar viloyat iqtisodiyoti va aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Biroq bu boradagi imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotganiga e’tibor qaratdi.

“Aholi, ayniqsa, qishloq joylardagi odamlarga munosib turmush sharoitlari yaratish islohotlarimizning asosi bo‘lishi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qashqadaryo viloyatida mamlakatda eng ko‘p paxta yetishtiriladi, biroq xomashyoni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirish hajmi bu salohiyatga mos kelmaydi, dedi davlat rahbari. Unga ko‘ra, mato ishlab chiqarish va bo‘yash yo‘lga qo‘yilsa, tumanlarda qo‘shimcha 60 ming kishini band qilish mumkin.

Shu maqsadda “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturi “Sulton staylz” korxonasida ham tatbiq etilmoqda. Amaliy monomarkaz tashkil etilib, ishsiz aholini to‘qimachilik kasbiga o‘rgatish yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu jarayon ikki bosqichli bo‘lib, avval xotin-qizlarga korxonadagi texnologiya va asbob-uskunalardan foydalanish, mehnat xavfsizligi qoidalari o‘rgatiladi. Keyingi bosqichda ular murabbiylarga biriktirilib, bevosita ish o‘rinlarida amaliy bilim va ko‘nikmalarni egallaydi.

U yerda davlat rahbariga Shahrisabz, Kitob va Qamashi tumanlarida turizmni rivojlantirish loyihalari taqdimot qilindi. Qishloqlarda infratuzilmani yaxshilab, sayyohlik yo‘nalishlariga kiritib, aholi uchun daromad manbalarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yil bahorida Sulton Tex Group rahbari Nurbek Ergashev (fotoda — prezident bilan birga) marhum bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev tomonidan bosim o‘tkazilayotgani va uning korxonasini to‘qimachilik klasterlari ro‘yxatidan chiqarib tashlashga urinayotgani, bu esa korxonaning bankrot bo‘lishiga olib kelishini ma’lum qilgandi. U tuman hokimligini, shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari va qishloq xo‘jaligi vazirini sudga berib, oxir-oqibat o‘z biznesini himoya qila olgan.

O‘shanda sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev (hozir bosh vazir o‘rinbosari) ishlab chiqarishning klaster shaklidagi barcha ishtirokchilarning huquq va majburiyatlarini belgilovchi qonunchilik bazasi hali mavjud emasligini tan olgan. Oradan uch yil o‘tgan bo‘lsa ham, qonunchilik bazasi hanuzgacha yaratilmagan.