Shahrisabz aeroportida fuqaro aviatsiyasi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.

Qayd etilishicha, 1-yanvardan boshlab Shahrisabz aeroportiga yangi ATR samolyoti parvozlari yo‘lga qo‘yilib, Samarqand, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlariga mahalliy reyslar ko‘paytiriladi. Toshkent-Qarshi yo‘nalishida aviareyslar haftasiga 2 martadan 7 martaga oshiriladi.

“Natijada, aviachiptalar narxi 2 barobar arzonlashadi, xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimi esa 3 barobar ko‘payadi”, — deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Prezidentning 2022-yil 26-oktabr kuni imzolagan “Respublikada mahalliy aviaqatnovlarni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida Shahrisabz va Sariosiyo aeroportlariga aviaqatnovlarni tiklash haqida band bor.

Avvalroq Taxtaqoracha dovonida uzunligi 7 km bo‘lgan tunnel qurilishi boshlanishi xabar qilingandi.